Soʻrovnoma: Sizda oilaviy byudjet qanday olib boriladi?

0

Oilangizdagi pul mablagʻlarini kim boshqaradi va yosh oilalarning oilaviy byudjetni boshqarish boʻyicha koʻnikmalarini oshirish zarurmi?

Oilalar oʻz oilaviy byudjetlarini rejalashtiradimi? U-Report va “Oila” ilmiy – tadqiqot amaliy markazi yosh oilalar oʻz  byudjetlarini qanday rejalashtirishlarini aniqlashga qaror qildi. Oilalarda oylik sarf va daromad rejalashtiriladimi, va bu yoʻnalish boʻyicha ular uchun oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilishi zarurmi? Olingan ma’lumotlar, yosh oilalar oʻrtasida oilaviy byudjetni boshqarish boʻyicha oʻquv dasturlarini shakllantirishda qoʻllanilishi mumkin.

Respublika boʻylab oʻtkazilgan tadqiqotda 1 600 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

TADQIQOTLAR QUYIDAGI MUHIM NATIJALARNI KOʻRSATDI:

  1. Respondentlarning 59 % oilaviy byudjetni rejalashtirishlarini bildirganlar. Respondentlarning ¼ qismi byudjetni vaqti-vaqti bilan rejalashtirishlari ma’lum boʻldi.
  2. Oila byudjeti koʻp hollarda erkaklar tomonidan boshqarilishi aniqlandi (bunda, tahminan erkaklar 58% ni, ayollar 39 %ni tashkil qildi).
  3. Respondentlarning 63 % byudjetni samarali boshqarish boʻyicha alohida dasturda ishtirok etish istagini bildirganlar. Shu bilan birga, oilaviy byudjetni toʻgʻri boshqarishni istovchilar soni respondentlarning yoshi yuqorilagan sayin oshishi kuzatiladi.
  4. Soʻrov ishtirokchilarining 49 % onlayn oʻquv mashgʻulotlari orqali oila byudjetini toʻgʻri boshqarilishi haqida ma’lumot olish xohishini bildirdilar. 21% respondentlar esa bunga oʻquv muassasalarida oʻqishni afzal koʻrishini aytishdi (majburiy yoki ixtiyoriy asosda).

Oilaviy holati turlicha boʻlgan yoshlarning oila byudjetini rejalashtirish boʻyicha nuqtai nazarini bilish maqsadida, respondentlarning avval oilaviy holatini aniqladik. Shunday qilib, oilaviy holati boʻyicha respondentlar quyidagi tartibda joylashtirildilar:

  1. Turmush qurmagan / turmushga chiqmagan – 60%
  2. Oilali – 36%
  3. Ajrashgan – 3%
  4. Oilali, ammo birga yashamaydi – 1%
  5. Birga yashashadi, lekin FHDYo roʻyxatidan oʻtmagan – 1%.

Respondentlarning 59 % oilaviy byudjetni rejalashtirilishi aniqlandi. ¼ respondentlar vaqti-vaqti bilan oʻz oila byudjetlarini rejalashtirihlarini bildirganlar.

Tahlil natijalariga koʻra, 73% respondentlarning oilasida umumiy oilaviy byudjet olib borilar ekan. Shu bilan birga, 20-30 yoshdan yuqori o‘rtacha 6% respondentlar oʻz oilasida olib boriladigan byudjet haqida hech qanday xabari yoʻq ekan.

Oila boshligʻi kim – aniqrog’i, bizning U-Reportyorlar oilasida umumiy oilaviy byudjetni kim boshqaradi degan savolga quyidagi javoblar keltirildi:

  1. Otam – 31%
  2. Onam – 23%
  3. Shaxsan oʻzim – 18%
  4. Birgalikda – 18%
  5. Turmush oʻrtogʻim – 5%
  6. Qaynonam – 2%
  7. Buvi/buvam – 2%
  8. Aka / singlim – 1%
  9. Rafiqam – 1%
  10. Qaynotam – 1%

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, olingan javoblarni gender tamoyili boʻyicha jamlansa, soʻrovda ishtirok etgan respondentlarning oilalarida erkaklar (taxminan 58%) ayollarga (39%) nisbatan koʻproq oila byudjetini boshqarishi ma’lum boʻldi.

“Boshqa” (4%) variantini tanlaganlarning javoblari orasida asosan quyidagi variantlar koʻrsatildi: oila byudjeti rejalashtirilmaydi, oy yakunida tejay boshlaymiz, vaziyatga koʻra mablagʻ sarflaymiz, qarz olamiz.

U-REPORTYORLARNING FIKRI:

«Biz xususiy kredit markazidan uy qurilish ishlarini yakunlash maqsadida yiliga 56% miqdorida kredit oldik, shu sababli oy yakunida mablagʻlarni iqtisod qila boshlaymiz».

«Biz rejalashtirishga harakat qilamiz, lekin bu har doim ham samarali natija bermaydi. Misol uchun, kimdir uyda shamollab qolsa yoki oddiy gripp bilan ogʻrisa, rejalashtirilmagan holda dori darmonlar uchun 300-800 ming soʻm sarf qilinadi».

«Qaynotam bizning barcha maosh pullarimizni olib qoʻyadi. Hatto kundalik sarf-xarajatlarimizga ham pul bergisi kelmaydi. Ammo, oziq-ovqat bilan ta’minlash erim zimmasiga yuklatilgan».

Soʻralganlarning 63 % oila byudjetini toʻgʻri boshqarish boʻyicha maxsus dasturda ishtirok etish istagini bildirdi.

Shu bilan birga, shunisi e’tiborga loyiqki, respondentlarning yoshi yuqorilagan sari, oilaviy byudjetini toʻgʻri boshqarishni oʻrganishga boʻlgan intilishi shunchalik yuqoriligi ma’lum boʻldi: yoshi 25-30 va undan yuqori boʻlgan respondentlarning taxminan 70% bu yaxshi fikrligini ta’kidlab oʻtganlar.

Respondentlarning 5 %  byudjetni boshqarish boʻyicha uquvlari yetarli ekanligini ta’kidlab, qayerdan oila byudjetini rejalashtirishga oʻrganganligi bilan oʻrtoqlashdilar:

  1. “Iqtisodiyot asoslari” darslarida.
  2. Turli kitoblar yordamida mustaqil ravishda.
  3. Hayotiy tajriba.
  4. Oilada.

Soʻrov ishtirokchilarining 49 % onlayn trening orqali oila byudjetini samarali boshqarish boʻyicha ma’lumot olish istagini bildirdilar. Respondentlarning 21 % esa ta’lim muassasalarida ma’lumotlarni olishni afzal koʻrishlari ma’lum boʻldi (majburiy yoki ixtiyoriy asosda).

Yosh oilalar oʻrtasida oilaviy byudjetni boshqarish boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda ma’lumotlardan foydalanish uchun, javoblar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oila markaziga taqdim etildi.

Izoh: Soʻrov natijasida olingan ma’lumotlar UNICEF ning ushbu mavzuga munosabatini aks etmaydi, reprezentativ ma’lumot emas va soʻrovda qatnashgan 1 600 dan ortiq respondentlarning fikridir.