Liviya poytaxti Tripoli uchun harbiy harakatlar yangi bosqichga o‘tdi

0

Liviya poytaxti Tripoli uchun Liviya milliya armiyasi qo‘mondoni feldmarshal Xalifa Haftar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi harbiy harakatlar yangi bosqichga o‘tdi.

Haftarning qo‘shinlari shaharga uch yo‘nalish bo‘yicha hujum qilmoqda: janglar poytaxtdan sharqdagi Tajur munitsipaliteti, g‘arbdagi Janzur tumani va janubdagi Bin-G‘ashir shahri hududida, qaysiki Tripoli xalqaro aeroporti joylashgan hududda kechmoqda.

Bu xalqaro aeroport poytaxt Tripolidan 34 km uzoqlikda joylashgan. U 2014 yildan beri faoliyat yuritmaydi. O‘shanda janglar oqibatida aeroport binosi qisman yonib ketgan, uchish-qo‘nish yo‘lagiga snaryadlardan zarar yetgan va ayni vaqtda strategik muhim ahamiyatga ega emas. Hozirda barcha aviareyslar Tripolidan 10 km sharqdagi Mitiga harbiy aerodromi orqali amalga oshiriladi. Haftar qo‘shinlarining o‘ng qanoti aynan shu hududga yo‘naltirilgan.

Haftar birinchi navbatda qo‘lga kiritishni maqsad qilgan muhim obektlar qatorida milliy bank hamda davlat telemarkazi ham bor.

Guvohlarning xabar berishicha, Haftar armiyasi harbiylari shahar markaziga taxminan 15 kilometr masofagacha yaqinlashib kelishgan.

Haftar ixtiyorida yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan muntazam armiya mavjud
Foto: AFP

Tripoli mudofaasi uchun hukumat harbiylari va hukumatparast ko‘ngillilar va qabilalar oyoqqa turg‘azilgan.

Shu bilan birgalikda, avval hukumatga sodiqligini bildirib kelgan Liviyadagi yirik radikal jangarilar guruhi – «Maxsus qudratli kuchlar» (RADA Special Deterrence Forces) ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Haftar tomoniga o‘tganini e’lon qildi. Bi-bi-si ma’lumotiga ko‘ra, agar bu ma’lumot tasdiqlanadigan bo‘lsa, bu Tripolidagi milliy birlik hukumati rahbari, bosh vazir Fayoz as Saraj uchun jiddiy zarba bo‘ladi.

AFP agentligi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt aholisi oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i g‘amlashga kirishgan.

Fayoz as Saraj o‘z telemurojaatida general Haftarni xiyonatda va davlat to‘ntarishida ayblagan.

U o‘z hukumati shu vaqtga qadar faqat «qo‘lini tinchlik maqsadida ishlatgan», endi esa uning so‘zlariga ko‘ra, Haftar faqat «kuchli va mustahkam qo‘llar»ga duch keladi.

Shanba kuni Liviya harbiy-havo kuchlari samolyotlari poytaxtdan 50 km masofada to‘xtab turgan Haftar armiyasi pozitsiyalariga aviazarbalar yo‘lladi. Bu bombalash natijalari ma’lum emas, ammo Liviya milliy armiyasi vakili Haftar bu hujum uchun qasos olishini bildirdi.

Kuchlar muvozanati noaniqligi

«Katta yettilik» davlatlari shanba kuni Liviyada harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilishdi – bu talab birinchi navbatda Haftarga qaratilgan.

BMT Xavfsizlik kengashi ham vaziyatni og‘irlashtirmaslikka chaqirdi.

Rasmiy Moskva «faqat bir tomonni aybdor sifatida ko‘rsatmasligi»ni bildirib, liviyaliklar «o‘z taqdirini o‘zi belgilashi kerakligi»ni qo‘shimcha qildi.

«Liviya inqirozi NATO kuchlari bu mamlakatda 2011 yilda amalga oshirgan ishlar oqibatidir. Aynan o‘shandan buyon Liviya parchalangan davlatga aylandi, kelinglar, barchasini o‘z nomi bilan ataylik, janubda terrorchilar uchun yo‘laklar, shimolda noqonuniy migratsiya uchun teshiklar», dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shanba kuni Misrdagi chiqishi vaqtida.

Uning misrlik hamkasbi Samih Shukri esa Liviyadagi muammolarni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Rossiya ham, Misr ham Xalifa Haftarni qo‘llaydigan davlatlar hisoblanishadi.

Shanba kuni BMTning Liviyadagi maxsus vakili Hasan Salame Liviyada 14-16 aprel kunlari o‘tkazilishi belgilangan xalqaro konferensiya «agar vaziyatga noaniq kuchlar aralashmasa» o‘z muddatida o‘tkazilishini ma’lum qildi.

2011 yilda Liviyaning uzoq yillik diktatori Muammar Qazzofiy hukumat tepasidan ag‘darilib, qatl qilinganidan buyon va siyosiy beqarorlik va qo‘shhokimlik yuzaga kelgan. Mamlakat g‘arbida, Tripoli atrofida milliy kelishuv hukumati joylashgan, bu hukumat BMT qo‘llab-quvvatlovi bilan tuzilib, xalqaro hamjamiyat tomonidan ma’qullangan. Sharqda esa parlament va feldmarshal Haftar armiyasi nazorat o‘rnatgan.

Haftar Tripoli qamali vaqtida elchixonalar va xorijliklar xavfsizligi ta’minlanishiga va’da bergan

4 aprel kuni qo‘mondon Xalifa Haftar o‘z armiyasiga Tripoliga hujum qilishga buyruq berdi. Bu hujum BMT bosh kotibi Antonio Guterresh Liviya poytaxtiga kelgan vaqtda boshladi, bosh kotib Tripoliga siyosiy inqirozdan chiqish yo‘llarini muhokama qilish maqsadida tashrif buyurgan.

Liviya bosh vaziri Fayoz as Saraj hukumat kuchlari uchun ommaviy safarbarlik e’lon qildi, mamlakat poytaxtidagi barcha harbiylar to‘liq jangovar tayyor holatga keltirildi.

Haftar 5 aprel kuni Guterrish bilan muloqot o‘tkazdi va o‘z qo‘shinlari «terrorizm ustidan to‘liq g‘alaba qozonmagunicha» harbiy amaliyotni to‘xtatmasligini bildirdi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting