Ukraina prezidentligiga nomzod ovoz berish qoidasini buzdi

0

Ukraina saylov qoʻmitasi maʼlum qildiki, Radikal partiyadan prezidentlikka nomzod boʻlgan Oleg Lyashko saylovlardagi yashirin ovoz berish qoidalarini buzdi.

“Saylov uchastkalaridan birida ovoz berish jarayonida Ukraina prezidentligi uchun nomzodlardan biri Oleg Lyashko telekameralar va saylovchilar qarshisida oʻzining tanlovini namoyish etdi”, deyiladi xabarda.

Qoʻmita xabarida prezident saylovlarida ovoz berish jarayoni maxfiyligi, tanlov belgilangan byulletenni videoga va suratga tushirish mumkin emasligi qayd etilgan.

Saylov uchastkasida Lyashko “oʻzining qalami faqat Lyashko uchun ovoz berishi” haqida gapirgan.

Lyashko 2014 yilgi saylovlar vaqtida ham xuddi shu koʻrinishda qoida buzgandi.

Ukraina qonunchiligiga koʻra, bu kabi qonunbuzarlik uchun (JK 159-moddasi) katta miqdordagi jarima yoki 2 yillik axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi koʻzda tutilgan.

Shu vaqtgacha prezidentlikka nomzodlardan yana uch nafari – Yuriy Boyko, Yuliya Timoshenko va Vladimir Zelenskiy ham Kiyevdagi saylov uchastkalariga borib, ovoz berishdi.

Ukraina prezidentligi saylovlarida asosiy uch nomzod kurash olib bormoqda: shoumen Vladimir Zelenskiy, amaldagi prezident Petro Poroshenko hamda “Batkivщina” partiyasi yetakchisi, muxolif siyosatchi Yuliya Timoshenko. Agar nomzodlardan hech biri 50 foizdan ortiq ovoz toʻplay olmasa, 21 aprel kuni birinchi turda eng koʻp ovoz olgan ikki nomzod ishtirokida ikkinchi tur oʻtkaziladi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting