Dennis Deyli: “Harvardda Navoiyning turkiydagi devonini koʻrdim”

0
Dennis Deyli / Foto: azamabidov.uz

Qish oxirlarida Oʻzbek tili va adabiyot universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov qoʻngʻiroq qilib, Samarqanddan Aidaxon Bumatova degan yosh olima kelgani, u bilan yaqindan tanishib, ijodiy hamkorlik qilishimni soʻradi. Koʻp oʻtmay Aidaxon bilan Yunusobodda koʻrishib, asosan adabiyot, kaminaning gʻazal tarjimalari haqida suhbatlashdik. Suhbat asnosida Aidaxon AQSHda bosilgan, hazrat Navoiyning 21 ta gʻazali jamlangan kitobni koʻrsatdi. Hech xabarim yoʻq edi, rosa quvonib ketdim. Tezda varaqlab chiqarkanman, tarjimonning kichik biografiyasiga, suratiga eʼtibor qaratdim: Dennis Deyli. Tez orada Deyli janoblarini Feysbukda qidirib topdim, elektron manzilini olib, xat yubordim. Shu yil fevral oyida u bilan Massachusets shtati Boston shahrida koʻrishish nasib etdi. Yomgʻir shivalab turganiga qaramay, chetroqdagi tumandan biz bilan qisqa boʻlsa-da suhbat qurishga yetib keldi muhtaram shoir va tarjimonimiz.

Assalomu alaykum! Sizni koʻrib, xursandligim yuz chandon ortdi. Gʻoyibdan tanib yuruvdim, mana endi Amerikada koʻrishib turibmiz. Iltimos, oʻzingiz haqingizda bir-ikki ogʻiz aytib oʻtsangiz.

Va alaykum assalom! Kamina massachusetslikman. Uyim hozir turgan joyimizdan juda uzoq emas, Seylem degan hududda joylashgan. Shoirman, desam boʻlar, ammo Amerikada ham shoirlar faqat sheʼr yozishmaydi, balki taʼlim dargohlarida, kompaniya va boshqa korxonalarda ishlashadi. Mening ham ish joylarim koʻp boʻlgan. Oxirgi faoliyat yuritgan joylarimdan biri bu 9000 dan ortiq kishini oʻz ichiga olgan jamoa-ittifoq boʻlib, uning direktori lavozimida faoliyat olib borganman.

Xatlaringizdan birida Oʻzbekistonga borganingizni yozgandingiz. Bu qanday kechgan? Taassurotlaringiz eskirmagan boʻlsa, oʻrtoqlashsangiz, iltimos.

Inglizlarga Jefri Choser, italyanlarga Dante va yo barcha tamaddunlar uchun Rumiy qanchalik qadrli boʻlsa, Navoiy ham oʻshanday eʼzozga loyiq shoir deb bilaman.

Oʻzbekiston haqida juda iliq xotiralarim bor. Ancha yil burun qizim Jennifer Deyli Xorazm viloyati Urganch shahrida “Tinchlik korpusi” koʻngillisi sifatida ishlagan. Men u bilan koʻrishish uchun Toshkentga borganman, u yerdan qizim bilan Samarqand, Buxoro, Xivadan tortib Moʻynoq va Orol dengizigacha boʻlgan hudud boʻylab sayohat qilganmiz. Yurtingizning tarixiy maskanlari, muqaddas qadamjolari bilan tanishganman. Borib koʻrishga arzigulik ajoyib mamlakat u. Menga juda yoqqan Oʻzbekiston. Qizim hozir turmushga chiqqan, familiyasi oʻzgardi, endi u Jennifer Kambi, ikki nafar farzandi bor. “Tinchlik korpusi”dan keyin ham oʻzi Oʻzbekistonga borib, ingliz tilidan dars bergan.

Alisher Navoiyning 21 ta gʻazali jamlangan kitob / Foto: azamabidov.uz

Inson kamolotida uning taʼlim olgan maskanlari ham alohida ahamiyatga ega. Siz qayerda, qaysi sohada oʻqigansiz?

Boston kollejida bakalavr darajasini olganman. Nort Istern universitetida ham oʻqiganman, magistrlikni ingliz tili va adabiyoti boʻyicha olganman. Ustozlarim juda yaxshi dars oʻtishardi, talabalik yillarim hayot davomida asqotadigan zoʻr tajriba orttirganman, desam boʻladi.

Shoirlikni qismat deyishadi. Siz unga qanday kelib qolgansiz? Nimalar haqida koʻproq yozasiz? Oʻquvchilaringiz kimlar? Amerikada shoirlikning nonini yeyish qanchalik oson yo qiyin?

Yoshligimda rosa shoir boʻlgim kelgan, ammo bu katta mehnat, tinimsiz ijod qilishni talab etishini ham bilardim. Mashhur shoir Semuyel French Mors ustozim edi. U “Nyu York Tayms”da adabiyot, sheʼriyat haqida juda koʻp maqolalari bilan qatnashib turardi, benazir muallim edi. Oʻsha kishi meni sheʼriyatga oshno etgan. Oʻshandan buyon ijod qilaman. Oila, bola-chaqa tashvishi bilan, Seylem departamentida ishlaganim kezlar sheʼr yozishga koʻp vaqt ajratolmay qolgan paytlar boʻlgan.

Harvard kutubxonasida tadqiqot olib borayotgan paytimda Navoiyning turkiydagi kitobini koʻrganman. Afsuski, uni juda kamchilik biladi.

Ammo yillar oʻtib yana joʻshqin ijodga qaytdim, yozganim eski narsalarni qayta koʻrib chiqdim, kitoblar chiqardim. Oʻn yilcha avval shoirlikka jiddiy qaray boshladim. Ijod namunalarimni nashriyotlarga, jurnallarga yuborganman, hozircha oltita kitobim turli nashriyotlarda bosildi. Baʼzi ijodkorlarni bilaman, yoshlikda juda yaxshi ijod qilishadi, keyin tashlab qoʻyishadi, menda unday boʻlmadi, yaʼni men yozib boshlaganimdan buyon oz-oz boʻlsa-da ijod qilib kelmoqdaman.

Foto: azamabidov.uz

AQSHda sheʼriyatga qiziquvchilarni serob deb boʻlmaydi. Agar shoir katta mukofotlar sohibi boʻlsa, qaysidir maʼnoda taniqli ijodkor boʻlsa, uning oʻquvchilari koʻp boʻladi, albatta. Men Seylemdagi kafe va kutubxonalarda oʻtkaziladigan, 50-100 odam kelib, sheʼr eshitadigan mushoiralarda qatnashaman koʻproq. Boston yo Kembrij shaharlarida kattaroq adabiy tadbirlar boʻlib turadi. Koʻzga koʻrinib qolsangiz, “Amazon” kabi onlayn yo oddiy kitob doʻkonlaridan asarlaringizni sotib olishadi. Kembrijda kichik, ammo AQSHda juda mashhur boʻlgan, sheʼriy kitoblar sotadigan maxsus doʻkon bor. 1927-yili tashkil etilgan bu maskanni Grolyer sheʼriy kitoblar va sheʼriyatga oid asarlar doʻkonchasi deb atashadi, u Harvard xiyobonida joylashgan. Jon Eshberi, Robert Blay, Frenk OʻHara kabi shoirlar Harvardda oʻqib yurgan kezlarda u doʻkonni oʻziga eng yaxshi oshiyon deb bilgan.

Bevosita hazrat Navoiy haqida gaplashsak. Navoiy Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng buyuk va aziz nomlardan biri, xususan Oʻzbekistonda Navoiyni juda eʼzozlashadi, uning nomi bilan alohida viloyat ham mavjud. Siz hazratni qanday “topdingiz”?

Oʻzbekistonga bormasimdan ilgari u haqda hech narsa bilmasdim. Birinchi boʻlib Navoiy degan nomni qizimdan eshitganman, qizim menga oʻzi bilgan narsalarni gapirib berganida, shunday buyuk inson haqida hech narsa bilmaganimdan afsuslanganman. AQSHda esa Navoiyni umuman bilmasligimizdan hayratga tushganman. U haqda kutubxonalarga borib, yaxshigina maʼlumot oldim. Inglizlarga Jefri Choser, italyanlarga Dante va yo barcha tamaddunlar uchun Rumiy qanchalik qadrli boʻlsa, Navoiy ham oʻshanday eʼzozga loyiq shoir deb bilaman. Men olim emasman, Navoiy ijodi bilan toʻliq tanishish imkonim ham yoʻq. Ammo uning ingliz, rus, fransuz tillariga qilingan tarjima asarlaridan ozroq xabarim bor. Qizimning katta koʻmagiga tayanib, lugʻat titib, Navoiy gʻazallarining ayrimlari bilan satrma-satr tanishib chiqqanman. Ularning maʼnosini avval nasriy usulda yozib chiqqanman, keyin nazmiy unsurlardan foydalanib, sheʼrga solganman. Albatta, tarjimada Navoiy yozganchalik maʼno-yu shaklni qiyomiga yetkazib berganman deyolmayman. Navoiyni inglizzabonlarga tanishtirish imkoniga ega boʻlganimdan xushnudlik sezaman koʻnglimda. Uning ijodiga shoir va olim doʻstlarim ham qiziqib qolishgan, 21 ta gʻazali jamlangan tarjima kitobni chiqarganimdan keyin esa bu qiziqish yanada ortdi. Menimcha, Navoiyday shoirni koʻproq tarjima qilish kerak, shubhasiz, u bunga loyiqdir.

Men qilgan tarjimalar ummondan bir tomchi, arzimas bir urinish xolos. Asosan, uning ishqiy mavzudagi gʻazallarini oʻgirganman. Ilohiy ishq bilan bogʻliq bu satrlar oʻquvchilarimga ham yoqyapti, ularga bu yangi nom judayam qiziq.

Foto: azamabidov.uz

Harvard kutubxonasida tadqiqot olib borayotgan paytimda Navoiyning turkiydagi kitobini koʻrganman. Afsuski, uni juda kamchilik biladi. Gʻarbliklarga tanishtirishni kuchaytirish kerak, deb oʻylayman. Bu ishni oʻzim ham sizga oʻxshagan kishilar yordamida davom ettirish niyatim bor. Qoʻshimcha qilishim kerakki, men Oʻzbekistonni yaxshi koʻraman, u yerga yana borsam deyman.

Vaqt ajratib kelganingiz uchun, samimiy suhbat va eng muhimi Navoiy gʻazallarini tarjima etib, nashr etganingiz uchun rahmat sizga! Sogʻ boʻling! Umringiz ziyoda boʻlsin!

Tashakkur!

Aʼzam Obid suhbatlashdi
AQSH, Massachusets shtati, 2018-yil fevral oyi