Shifokorlar depressiyadan xalos boʻlishning oddiy usulini maʼlum qilishdi

0

Oʻn besh daqiqa mayda qadamlar bilan yugurish depressiya paydo boʻlishi xavfini kamaytiradi yoki hattoki undan xalos boʻlishga yordam beradi, deya yoziladi “Daily Mail”ga tayanib “Xalq soʻzi Online“.

Foto: Xs.uz

AQSHning Massachusets shifoxonasi mutaxassislari 611 ming nafar katta yoshdagi amerikalikning salomatligini kuzatib borishdi. Sport bilan shugʻullangan kishilar juda kam holatlarda turli ruhiy xastaliklardan aziyat chekkanliklari aniqlangan.

Shifokor Devid Agusning soʻzlariga qaraganda, bemorlarga dori-darmon yozib berishdan avval ulardan koʻchaga chiqib, “biror harakatni bajarish”larini soʻraydi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq olimlar kuniga hech boʻlmaganda 24 gramm yongʻoq isteʼmol qilgan kishilar boshqalarga, jumladan, yongʻoqni umuman isteʼmol qilmaydiganlarga nisbatan 26 foiz kamroq depressiya holatiga tushishlarini aniqlashgani haqida xabar bergan edik.

Depressiya, bu — inson asab tizimidagi oʻzgarishlar (kuchli ruhiy zarba, uzoq vaqtgacha ruhiy tushkunlik holatiga tushish) hisoblanadi. Depressiya ruhiy zarba yoki boʻlib oʻtgan noxush voqealar taʼsirida rivojlanishi mumkin.

Aytish joizki, doimiy charchoq hissi, uyqusizlik, kechalari uygʻonib ketish yoki tong otmasdan uyquning oʻchib ketishi, maqsadsiz harakat qilish, ishga yoki oilaga, umuman, normal hayot tarziga boʻlgan qiziqishning soʻnishi, boʻlib oʻtgan noxush hodisalarda oʻzini aybdor sezish, vaznning yoʻqolishi yoki aksincha, vaznning ortishi depressiyaning asosiy belgilari sanaladi.