MIB Ozoda Nursaidovaning Toshkentdagi uyi buzilishi sabablariga aniqlik kiritdi

0
116
marta oʻqilgan

Xonanda Ozoda Nursaidova uyi buzilganidan keyin shifoxonaga tushgani haqida OAVda xabarlar berilgandi. Majburiy ijro byurosi ushbu voqeaga oydinlik kiritdi.

Foto: Ozoda.com

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Ko‘hinur ko‘chasida joylashgan turar joy binosi etak qismida o‘zboshimchalik bilan qo‘shib olingan 178,0 kvadrat metr yer maydonida joylashgan qurilma-devorni qarzdor Nursaidova Ozoda Parpiyevnaning hisobidan buzdirib tashlash to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud bo‘lgan.

Yanvar oyi oxirida davlat ijrochilari tomonidan qarzdorga ijro hujjati talablarini belgilangan vaqtda bajarmaslik oqibatlari haqida tushuncha berilgan va bu haqda tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Ijro hujjati ijrosi berilgan ixtiyoriy muddatda bajarilmaganligi sababli majburiy ijro harakatlari olib borilgan.

Dastlab, 6-fevralda majburiy ijro harakatlari Yakkasaroy tumani hokimligi vakillari ishtirok etmagani sababli boshqa kunga qoldirilgan. Xonadon egalari tomonidan ijro hujjatini to‘xtatish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladigan hech qanday hujjatlar taqdim qilinmagan, shu sababli majburiy ijro harakatlari davom ettirilgan.

Shundan so‘ng, 8-fevralda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari va xolislar ishtirokida ijro hujjati ijrosi (soat 15.00 dan soat 21.30 ga qadar) to‘liq bajarilib, 178,0 kvadrat metr yer maydondagi noqonuniy qurilma buzilgan.

Ijro harakatlarini amalga oshirish davrida xonadon egasi Ozoda Nursaidova, singlisi Nilufar Nursaidova, tuman hokimligi, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, IIB XOOB profilaktika inspektori, tez tibbiy yordam xizmati hamda “Bog‘saroy” MFY raisi ishtirok etgan.

Xonadon egalari Ozoda Nursaidova va boshqalar kadastr bo‘limi xodimlariga qurilma o‘lchami noto‘g‘ri hisoblangani haqida e’tiroz bildirib, dalolatnomaga imzo chekishdan bosh tortgan va bu haqda IIB XOOB profilaktika inspektori tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Majburiy ijro harakatlari davomida Ozoda Nursaidovaning sog‘ligi yomonlashgani kuzatilmagan, davlat ijrochilarining harakatiga qarshilik ko‘rsatish yoki to‘sqinlik qilish holatlari sodir etilmagan.

Ijro hujjati Qonunning 41-moddasiga asosan amalda tamomlangan hisoblanadi, deyiladi MIB xabarida.