Bosh vazir Toshkent tumanlari rahbarlarini qattiq ogohlantirdi

0

26-mart kuni Toshkent hokimligida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, unda davlat byudjeti daromadlari manbalari bo‘yicha 2019-yil birinchi chorak yakunida kutilayotgan natijalar hamda byudjetga tushumlar borasida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi, deya xabar berdi shahar ma’muriyati matbuot xizmati.

Foto: Review.uz

Birinchi chorakda davlat byudjeti daromadlari reja ko‘rsatkichi 4 trln 485 mlrd so‘m miqdorida tasdiqlangan bo‘lib, 25-mart kuni holatiga reja ko‘rsatkichi 3 trln 683 mlrd so‘mga yoki 82 foizga bajarilgani ta’kidlandi.

Tasdiqlangan davlat byudjeti daromadlari daromadlar tushumi rejasi ijrosi Uchtepa tumanida 67 foiz, Mirobod tumanida 69 foiz, Bektemir tumanida 74 foiz, Yunusobod tumanida 76 foiz, Mirzo Ulug‘bek tumanida 77 foiz, Shayxontohur tumanida 83 foiz hamda Sergeli tumanida 83 foizni tashkil etgan.

Reja bajarilishida qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani uchun Mirobod, Uchtepa tumanlari hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari, ushbu tumanlarning davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari qattiq ogohlantirildi.

Shayxontohur tumanida davlat byudjet daromadlarining tushum rejasi bajarilishida qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani va boshqa kamchiliklar uchun tuman hokimi va uning birinchi o‘rinbosari, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga xayfsan e’lon qilindi.

Shuningdek, birinchi chorak natijasi bilan tushum rejasi bajarilmagan taqdirda, Toshkent shahri tumanlarining 4 ta sektor rahbarlari hamda tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ularga nisbatan qat’iy jazo choralari qo‘llanilishi haqida ogohlantirildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev tomonidan tumanlardagi ma’sullarning faoliyati qattiq tanqid qilindi va Toshkent shahrida birinchi chorak daromadlar tushumi rejasini mart oyining oxirigacha bajarish uchun 801,9 mlrd so‘m miqdorida tushumni qolgan qisqa muddatda amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting