Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar AQSH Markaziy qoʻmondonligida Navroʻzni nishonlashdi

0

Kecha, 21-mart kuni “Navruz” ayyomi munosabati bilan AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligida (Tampa shahri, Florida shtati) rasmiy vakil sifatida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan xorijiy hamkasblariga bayram tadbiri tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ushbu tadbirda AQSH Qurolli kuchlari CENTCOM rahbariyati hamda u yerda hamkorlik faoliyatini yuritayotgan 50 dan ortik davlat vakili qatnashdi. Oʻzbekistonlik harbiylar va ularning oila aʼzolari tomonidan bahoriy taomlardan iborat oʻzbekona bayram dasturxoni yozilib tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi. Koʻk somasayu-chuchvaralar hamda oshni tatib koʻrgan mehmonlar oʻzbekona mehmondarchiligu, milliy taomlarimizga yuqori baholar berishdi.

“Oʻzbekiston boʻylab sayohat” mavzusida namoyish etilgan qisqa metrajli hujjatli film barchada katta taassurot qoldirdi.

Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarining ushbu tadbirga tayyorgarligi va ishtirokiga AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi tomonidan yuqori baho berildi va tashakkur izhor etildi.