“Oʻgʻlim, ayolingizdan mamnunmisiz?”

0

Hozirgi vaqtda idora va tashkilotlarga yoʻllagan murojaatingiz, hal qilinmagan taqdirda ham javobsiz qolmaydi, qay idoraga bormang yumshoq soʻz bilan kirib kelgan eshigingizni koʻrsatishadi. Xalq qabulxonalarining faoliyati, ijtimoiy tarmoqlarda urchigan ur-janjal, dagʻal va qoʻpol munosabat, tashkilot rahbarining majlisdagi haqoratomuz soʻzlari hamda ularga tegishli choralar koʻrilgani haqidagi xabarlar koʻpchilikning tanobini tortib, baʼzilarni sergaklantirib qoʻydi.

Foto: korrespondent.uz

Aslidachi, yumshoq soʻz, goʻzal axloqli boʻlish, uddaburon rahbar uchun bir xodimni ikki ogʻiz shirinsoʻz bilan yoʻlga solish qiyinmi?

Buyuk olim Abul Lays Samarqandiy bu mavzuda shunday deganlar: “Inson yumshoq soʻzli, goʻzal axloqli boʻlishi kerak. Hech kimga yaltoqlanmasligi va birovni yuziga maqtanmasligi kerak”.

“Axloqi va maslagi buzuq kishilar bilan suhbatda ehtiyot boʻlish kerak. Ularning notoʻgʻri fikrlarini maʼqullayotganga oʻxshab jim turish juda katta xatodir”.

Mutaxassislarning fikricha, “Insonlar oʻrtasidagi yaxshi munosabatlar oiladagi mehr-muhabbatni ortishiga sabab boʻladi”. Elektron nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan ur-soʻy tomoshalari oilaviy munosabatlarga, yosh-avlod tarbiyasiga taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Ayniqsa, qaysi tarmoqqa kirmang, “Noxush xabar: Ayol eridan yuz burgani uchun bir necha marta pichoqlandi”, “Tarbiyasi ogʻir qiz fohisha niqobi ostida aeroportda qoʻlga olindi”, “Aka oʻz singlisini oʻlimiga yordamlashdi” kabi mavzusidagi fojiali xabarlar barchani eʼtiborini tortib, gurkirab borayapti.

Maqolani mavzusiga qarab (u qanchalik dahshatli boʻlsa) oʻquvchilar soni shunchalik ortib boryapti.

Oiladagi goʻzal munosabatlar ham oʻz navbatida jamiyatdagi farovonlikni taʼminlaydi.

Sahoba Qozi Shurayh shunday naql qiladi:

“…Bir kuni uyga kelsam bir keksa ayol oʻtiribdi. “Unday qilma, bunday qil”, deb xotinimga bir nimalarni oʻrgatyapti.

“Bu kim?”, deb soʻradim.

“Qaynonangiz”, deb javob qildi xotinim.

Hol-ahvol soʻradim va hurmatini joyiga qoʻydim.

“Oʻgʻlim, ayolingizdan mamnunmisiz?” dedi qaynonam. Juda xursandligimni, yaxshi tarbiya berishganini aytdim.

“Bolam! Ayollar asosan ikki holatda axloqsizlik koʻrsatadilar. Birinchisi, oʻgʻil bola tuqqanida, ikkinchisi esa erlaridan yuz burganida. Agar xotiningizda shunday holat sezilsa, darrov tarbiya qiling, – dedi va soʻzida davom etib: – Qasam ichib aytamanki, erkakning uyidagi eng xunuk holat, eridan yuz burib, nozlanib yurgan dilbarlarning holatidir, – dedi. Keyin mendan soʻradi: – Oʻgʻlim! Xotiningiz qarindoshlari sizni qachon ziyorat qilishlarini xohlardingiz? “Xohlagan paytda kelishaversinlar”.

Xullas, qaynonam har yili yil boshida biznikiga kelib, qiziga chiroyli nasihatlar berib ketardi”.

Kezi kelganda, shuni aytish joizki, tarbiyali, or-nomusli va goʻzal axloqli insonlar oʻzlari haqida madhiyalar yozilishiga sabab boʻladi. Badxulqlar esa osoyishta hayot nimaligini bilmay oʻtishadi.

Kishilardagi goʻzal munosabatlar hamisha oiladagi mehr-muhabbatni, jamiyatdagi farovonlik mustahkamlaydi.

Shirinsoʻz, goʻzal axloqli boʻlishga intiling. Zero, Rasululloh (s.a.v) “Siz hammani molingiz bilan oʻzingizdan mamnun qilolmaysiz. Hech boʻlmasa, axloqingiz bilan mamnun eting”, deya marhamat qiladilar.

Muhammadsaid Xoldorov, “Korrespondent.uz”