Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga yangi texnika va qurol-aslahalar topshirildi (foto)

0

Bugun, 19-mart kuni Chirchiq dala oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarini 2018—2021-yillarda harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlash, ularni taʼmirlash va modernizatsiya qilish boʻyicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq yangi harbiy texnikalar qoʻshinlarga foydalanish uchun yoʻl oldi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Oybek Ismoilov, Toshkent harbiy okrugi qoʻmondonligi vakillari hamda harbiy texnikalarni qabul qilgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Jami ikki yuzga yaqin harbiy texnika va qurol-aslaha namunalari keyingi foydalanish uchun tantanali ravishda qoʻshinlarga topshirildi. Ular orasida yuk, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, harbiy xizmatchilarga tez tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan harbiy transport texnikalari mavjud.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, Qurolli Kuchlarimiz qoʻshinlarining qudrati va salohiyatini oshirish, qolaversa harbiylarimiz koʻnikmasini yanada mustahkamlash maqsadida qoʻshinlarni yangi, zamonaviy, bugungi kun talablariga javob beradigan qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan taʼminlash ishlari jadal davom etmoqda. Bugun sizlarga topshirilayotgan harbiy texnikalar qilayotgan ishlarimizning bir qismi, debochasi hisoblanadi. Hali bundan-da zamonaviy zirhli texnikalar, oʻq-dorilar hamda havo hujumidan mudofaa vositalari bilan taʼminlashni reja qilganmiz. Harbiy xizmatchilarimiz ushbu texnikalardan oqilona va samarali foydalanish bilan bir qatorda ularni doimo jangovar shay holda saqlashiga umid bildiraman”, — deydi mudofaa vaziri oʻrinbosari O. Ismoilov.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Qiziqarlisi, ushbu ixtisoslashgan harbiy transport texnikalarning aksar qismi Mudofaa vazirligi buyurtmasiga asosan maxsus Oʻzbekistonda yigʻilgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Eslatib oʻtamiz, 2018-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida qoʻshinlarni zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan taʼminlash hamda mustaqil mudofaa-sanoat majmuasini yaratish koʻzda tutilgan edi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting