Buyuk Britaniya muddatdan ilgarigi parlament saylovlariga tayyorgarlik koʻrmoqda

0

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 3-may kuni rasmiyatchilik yuzasidan qirolicha Yelizaveta Ikkinchiga murojaat qilib, parlamentni tarqatib yuborishni soʻradi. Shundan keyin u ommaviy axborot vositalarining vakillari bilan uchrashib, bu borada bayonot berdi. “Men qirolichadan parlament tarqatilishini soʻradim. Britaniya parlamenti Vakillar palatasining hozirgi tarkibi oʻz faoliyatini toʻxtatdi. Yana 36 kundan keyin mamlakatda yangi hukumat va yangi bosh vazir saylanadi”, dedi Tereza Mey.

Uning aytishicha, qirolicha bosh vazirga “Qirollik deklaratsiyasi” deb nomlangan hujjatni topshirdi. Bu hujjatda parlament tarqatilgan, saylovlar oʻtadigan va yangi parlament oʻz ishini boshlaydigan sanalar belgilangan. Bosh vazirning soʻzlariga qaraganda, 8-iyunda boʻlib oʻtadigan navbatdan tashqari saylovlarda kim gʻalaba qozonishidan qatʼiy nazar Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi munosabati bilan mamlakat oldidagi muhim boʻlgan vazifani bajarishdek buyuk maqsadlarni hal qilishi kerak boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, bundan avval Tereza Mey bayonot berib, 2020-yilga qadar muddatdan avval saylovlar oʻtkazilmasligini taʼkidlagan edi. Biroq kutilmaganda, u 8-iyunda muddatdan ilgarigi saylovlar oʻtkazish taklifi bilan chiqdi. Parlament bu taklifni qoʻllab-quvvatladi. Bosh vazirning siyosiy mavqeni oʻzgartirishi Yevropa Ittifoqi saflarini tark etish jarayonida Buyuk Britaniya jamiyatida yakdillikni qaror toptirishga intilish sifatida baholandi.

Buyuk Britaniya qonunlariga koʻra, parlament umumiy saylovlargacha 25 ish kuni mobaynida tarqatilishi kerak. Saylovlar 8-iyunga belgilangani bois, parlament 2-maydan 3-mayga oʻtar kechasi 24.01da tarqatildi. Dauning-stritdagi qarorgohida bayonot bergan Tereza Mey Bryusselni boʻlajak saylovlar natijalariga taʼsir koʻrsatishda aybladi. Uning soʻzlariga qaraganda, qitʼa matbuotida Buyuk Britaniyaning Yevropadagi mavqeyi buzib talqin etilmoqda. “Yevropa komissiyasining muzokaralardagi mavqeyi keskinlashib bormoqda. Yevropalik siyosatchilar va rasmiylar tilidan tahdidlar bildirilmoqda”, dedi Britaniya bosh vaziri.

Uning fikricha, bu kabi harakatlar 8-iyunda boʻlishi kutilayotgan saylovlar arafasida boʻlayotgani taajjublidir. “Soʻnggi kunlardagi voqealar shuni koʻrsatmoqdaki, bizning harakatlarimizga, bir qator Yevropa mamlakatlarining mavqeyiga qaramay, Bryusselda muzokaralar muvaffaqiyatli tugamasligini istovchilar ham bor”, deya taʼkidladi bosh vazir.

U London Yevropa Ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli Kelishuvga erishishga umid koʻzi bilan qarashini bildirdi, ammo bu kabi kelishuvga erishilmasligi ehtimolini ham nazardan qochirmaslik kerakligini eslatib oʻtdi.

Shuni qayd qilib oʻtish kerakki, yaqinda Germaniya matbuotida kuni kecha Londonda boʻlib oʻtgan muzokaralar tanqid qilingan maqola bosilgan edi. 3-may kuni Buyuk Britaniyaning Financial Times gazetasi Bryusselning Londonga nisbatan mavqeyi keskinlashganiga bagʻishlangan maqola eʼlon qildi. Unda taʼkidlanishicha, Yevropa Ittifoqi muzokaralar doirasida Buyuk Britaniyadan 100 milliard yevro talab qilgan. Buyuk Britaniyaning Brexit masalalari boʻyicha vaziri Devid Devis bu mablagʻlar Yevropa Ittifoqiga berilmasligini taʼkidladi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning 23-iyunida boʻlib oʻtgan referendumda saylovchilarning katta qismi Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishini qoʻllab-quvvatladi. Shu yilning 29-mart kuni Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi borasida rasman Byursselga murojaat qildi. Bu boradagi maktub YevroKengash raisi Donald Tuskka topshirildi. Lissabon Bitimining Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasiga bagʻishlangan 50-moddasiga binoan Buyuk Britaniya 2019-yilning 29 mart kuni Ittifoq tarkibidan chiqadi.

Yana iyun. Oʻtgan yilgi referendum ham iyun oyida boʻlib oʻtgan edi. Referendumda boʻlgani kabi muddatdan ilgari saylovlar ham mamlakat birligini saqlab qolish maqsadida oʻtkazilayotgani aytilmoqda. Oʻtgan yilgi kabi bu gal ham mamlakat hukumatining rahbari oʻziga ishonch bilan qaramoqda. Yana bir oydan keyin Buyuk Britaniya parlamentida yangi deputatlar paydo boʻladi. Aynan ular Brexit deb nomlanuvchi qulfga kalit topishlari kerak. Tereza Mey parlamentning hamma aʼzolari ham eski oʻrinlariga qaytmasligini istamoqda. Chunki Vakillar palatasining toʻrtdan bir qismi Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etmasligini istaydi.

Yaqinda oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalariga qaraganda, Tereza Mey mansub boʻlgan Konservativ partiyaning nufuzi koʻtarilib bormoqda. Respondentlarning 46 foizi bu partiya olib borayotgan siyosatni qoʻllab-quvvatlagan. Leyboristlarni esa 25 foiz respondent qoʻllamoqda. Tereza Mey mashhurlik masalasida ham rekord koʻrsatkichga erishgan.

Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar va Vakillar palatasidan tashkil topgan. Lordlar umrbod saylangani bois, 8-iyundagi saylovlar faqat Vakillar palatasigagina taalluqli. Mamlakatda London siyosatini belgilovchi amalda ikkita siyosiy kuch — konservativ va leyboristlar partiyalari faoliyat yuritadi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting