Mirziyoyev Efiopiya prezidenti va BMT rahbariga hamdardlik yo‘lladi

0

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 mart kuni Addis-Abeba aeroportidan uchib chiqishda samolyotning qulashi oqibatida ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar, jumladan, BMT tizimining 19 nafar xodimi halok bo‘lgani munosabati bilan Efiopiya prezidenti Saxle-Vork Zevde va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga samimiy hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: twitter.com/Baadiya

Yakshanba kuni ertalab Ethiopian Airlines aviakompaniyasining bortida 157 kishi, jumladan 8 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Boeing 737−8 samolyoti Efiopiyaning Debre-Zeyt yaqinida halokatga uchradi. Halok bo‘lganlar orasida 35 mamlakat vakillari bor.

BMT Yangiliklar markazi xabarida keltirilishicha, layner bortida BMT tizimlari, jumladan Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon oziq-ovqat dasturi, BMTning qochqinlar ishlari boshqarmasi, BMTning atrof-muhit bo‘yicha dasturi va Jahon bankida faoliyat ko‘rsatayotgan 19 kishi bor edi.

Dushanba kuni XXR Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi yakshanba kuni Boeing 737−8 samolyoti Efiopiyada halokatga uchraganidan so‘ng ichki reyslarda shu kabi laynerlar parvozini to‘xtatdi.

RIA Novostining ma’lum qilishicha, Xitoy aviatsion hukumati bu o‘tgan yilning 29 oktyabrda Indoneziyaning LionAir aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737−8 halokatga uchragandan keyingi ikkinchi falokat ekanini qayd etgan.

«Har ikki samolyotning deyarli yangi Boeing 737−8 ekanini hamda har ikki halokat ham uchish bosqichida sodir bo‘lganini hisobga olsak, ikki falokat o‘rtasida o‘xshashliklar borligini ko‘rsatmoqda», — deyiladi bayonotda.