YATTlarga ham yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish huquqi beriladi

0

Prezidentning 2019-yil 6-martdagi «Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Foto:UzA

Qarorga muvofiq, 2019-yil 1-iyuldan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:

xalqaro tashishlarda foydalaniladigan tyagach (shatakchi) avtomobillarga litsenziya kartochkalari berilishi uchun davlat boji to‘lash;

«Yevro-5» va «Yevro-6» ekologik sinf talablariga mos keladigan yangi yuk va maxsus avtotransport vositalarini, shuningdek, avtomobilda yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkama va yarim tirkamalarni, transport-ekspeditorlik xizmatlarini majburiy sertifikatlash;

yo‘lovchilar tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalarida nazorat-kassa apparati mavjud bo‘lishi haqidagi talablar;

avtomobilda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi yakka tadbirkorlar, shuningdek, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs rahbarining malaka talablariga muvofiqlik yuzasidan attestatsiyadan o‘tishi to‘g‘risidagi talablar;

avtomobilda yo‘lovchilar va yuklarni tashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishda yuridik shaxslarning balansida transport vositalari mavjud bo‘lishi haqidagi talablar.

2019 yil 1 apreldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida ijara shartnomalarini tasdiqlash uchun amaldagi davlat boji miqdori (405 460 so‘m) ikki marotaba kamaytiriladi.

Bundan tashqari, 2019-yil 1-iyuldan boshlab:

yo‘nalishsiz taksi uchun talab etiladigan to‘lov terminallari, hisoblagich-tksometrlar va radioaloqa vositalari almashtiriladigan priborlarning funksiyalarini ta’minlaydigan maxsus ilovali qurilmalarga (uyali telefonlar, planshetlar, elektron to‘lov tizimlari) almashtirilishi mumkin;

yo‘nalishsiz taksi rangini qonun hujjatlarida talab qilingan rangga muvofiq holga keltirish uchun (viloyatlarda sariq va Toshkent shahrida fil suyagi rangi) o‘zi yelimlanadigan materiallardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi, ularni bo‘yash shart emas;

yo‘nalishsiz taksilar avtobuslar uchun ajartilgan maxsus harakat yo‘nalishida harakatlanishi hamda «To‘xtash taqiqlanadi» belgisi amal qilish hududida to‘xtashi mumkin;

xalqaro avtomobilda tashishga xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizalar bir ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

2019-yil 1-sentabrdan og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar va ko‘chma shoxobchalar tashkil etish tartibi joriy etiladi.

Bundan tashqari, qarorda ta’kidlanishicha yakka tartibdagi tadbirkorlarga yengil avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqini berish haqidagi takliflar (hozirda ushbu faoliyat bilan faqatgina yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin) bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting