Otabek Umarov O‘zbekiston triatlon federatsiyasining yangi rahbari etib saylandi

0

7-mart kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston triatlon federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi rahbariyati va mutasaddilari, hakamlar, sportchilar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Foto: Olympic.uz

Dastlab O‘zbekiston triatlon federatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» amaliy sport turlari markazi direktori Shavkat Ismatullayev hisobot berdi.

So‘ng kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masala federatsiya raisi va unga birinchi o‘rinbosar saylash jarayoniga o‘tildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi lavozimga Otabek Muhammadaliyevich Umarov nomzodi ilgari surildi.

Konferensiya ishtirokchilari bir ovozdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildilar. Shu tariqa, Otabek Umarov O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. Qolaversa, Otabek Umarovning birinchi o‘rinbosari lavozimiga sobiq sportchi, triatlon bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalar ishtirokchisi, hozirda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan Farrux Nosirov nomzodi ilgari surilib, bu inson ham bir ovozdan yangi lavozimga saylandi.

Yig‘ilish davomida MOQ rahbari Umid Ahmadjonov ham triatlon sportining faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, konferensiya davomida MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov, triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi kumush medali sohibi Shohruh Yunusov so‘zga chiqib o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston triatlon federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.