Bojxona nazoratidagi “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar to‘liq ishga tushirildi

0

2019-yil 1-martdan boshlab “yashil” va “ko‘k” yo‘laklar joriy etildi, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ushbu tizimni to‘laqonli amalga kiritish orqali “yalpi” bojxona nazoratini o‘tkazishdan voz kechgan holda, xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida tovar va transport vositalarining bojxona nazorati quyidagi yo‘laklardan biriga yo‘naltirilgan holda amalga oshiriladi:

  • “yashil yo‘lak”, bunda xavf darajasi past bo‘lgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi.
  • “qizil yo‘lak”, bunda bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.
  • “sariq yo‘lak”, bunda bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.
  • “ko‘k yo‘lak”, bunda xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

“Ushbu tizim tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi yuzasidan amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalarining o‘tkazilishini tezlashtirish bilan bir qatorda bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarini aniqlash, prognoz qilish va ularning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishga, bojxona nazorati xajmining kamayishiga, sifatining oshishiga, halol tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar endilikda havola orqali bojxona yuk deklaratsiyasining maqomi hamda uning qaysi yo‘lakka joylashtirilganligi to‘g‘risida real vaqt rejimida ma’lumot olish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi.

Ilgari Spot Chegara bojxona postlarida qancha avtotransport vositasi navbatda turganini onlayn bilish imkoniyati yaratilgani haqida xabar bergan edi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting