Shohjahon Ergashev WBA reytingida yuqoriladi, Shahram Gʻiyosov reytingni tark etdi

0

Butunjahon boks assotsiatsiyasi WBA professional bokschilarning yangi reytingini eʼlon qildi. Unda Shohjahon Ergashev (16-0, 14 KO) mavqeini yaxshilab oldi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri xabar berdi.

Foto: Xs.uz

Super yengil vazn (-63,5 kg) toifasida ishtirok etayotgan Shohjahon Ergashev fevral oyi reytingida bir pogʻona yuqorilab 4-oʻringa koʻtarildi. Oʻtgan oydagi reytingda 15-oʻrinda borayotgan Shahram Gʻiyosov reytingni tark etdi.

Yangilangan reytingda ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev 1-oʻrinni saqlab qoldi va jahon chempionlik kamari uchun birlamchi daʼvogar nomini saqlab qoldi.

Shuningdek, super yarim oʻrta (-69,85 kg) vazn toifasida bitta jang oʻtkazgan Isroil Madrimov (1-0, 1KO) esa reytingda 9-oʻrinda qolgan.