O‘zbekistonda mahkumlarga nisbatan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha choralar kuchaytiriladi

0

Oliy Majlis Senatida “Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Bu haqda UZ24 xabar berdi.

Foto: UZ24

Hujjat Ombudsmanning qiynoqlarga solishning va muomalada bo‘lish hamda jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlarining oldini olishga doir faoliyatini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqlarga solishning oldini olish choralarini ko‘radi.

Ombudsman nafaqat qamoqda saqlash joylarida, balki o‘z ixtiyori bo‘yicha chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda bo‘lgan shaxslar, masalan, psixiatriya, narkologiya va shu kabi boshqa muassasalarda ham qiynoqlarga solishning oldini olish choralarini ko‘radi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks Ombudsmanning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, Ombudsmanning faoliyatiga to‘sqinlik qilish mansabdor shaxslarga jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, Jinoyat-ijroiya kodeksi shaxsning sog‘lig‘ini muhofaza qilish va xavfsizligiga tegishli qoidalar jazoni ijro etish muassasalarida ham qo‘llanilishiga oid norma bilan boyitiladi. Endilikda mahkumlar psixologik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarda faqatgina o‘z xohishlariga ko‘ra ishtirok etishi nazarda tutilgan.

Mahkumlarning huquqlari mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq to‘liq ta’minlanishi ham qonunda o‘z ifodasini topmoqda.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting