“Bravo” va aktrisa Halimaxonning litsenziyalari tugatildi

0
74
marta oʻqilgan

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan 26-fevraldan e’tiboran “Bravo” jamoasi va aktrisa Halima Ibragimovaning litsenziyasi tugatildi. Bu haqda Sputnik “O‘zbekkonsert” matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Foto: Instagram / @xalimaxonim

Ma’lum qilinishicha, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida “Badiiy so‘z san’ati va sahna mas’uliyati” mavzusida yig‘ilish o‘tkazilgan, unda “Bravo” jamoasining litsenziyasi olib qo‘yildi.

“Davra suhbatida qiziqchi va so‘z ustalarining ijodida kuzatilayotgan kamchilik va qusurlarni bartaraf etish, oldini olish va tartibga solish kabi muhim masalalar ko‘tarilishi ko‘zda tutilgan”, – deb ta’kidlandi “O‘zbekkonsert” matbuot xizmatida.

“O‘zbekkonsert” bilan tuzgan litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani, ya’ni o‘tkazilgan konsert dasturlarida muassasaga topshirilgan ssenariydan chetga chiqib, milliy urf-odatlar, odob-axloq, ma’naviy qadriyatlarga yot bo‘lgan, fahshni targ‘ib qiluvchi hajviyalar orqali o‘zbek so‘z san’ati obro‘siga putur yetkazayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga rioya etmagani uchun so‘z ustalari “Bravo” va Ibragimova Halima Ubaydullayevnalarning litsenziyalari “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-dekabrdagi 354-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan 2019-yilning 26-fevral kunidan amal qilishi tugatiladi”, — deb ma’lum qilindi “O‘zbekkonsert” matbuot xizmatida.

Shu bilan birga, so‘z ustalari (“Gap yo‘q triosi”) Sardor Tashmuhamedov, Laliddin Xolmatov va Sanjar Isabayevlar yosh avlodni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mazmunan sayoz, mantiq va she’riyat talablariga javob bermaydigan bachkana so‘zlar ijrosida bo‘lgan “ommaviy madaniyat” va axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi video kliplarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganligi uchun ogohlantirildi hamda kelgusida shu kabi holatlar takrorlansa, ularning litsenziyalari ham to‘xtatilishi ma’lum qilindi.

Nashr eslatishicha, bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda aktrisa Halima Ibragimovaning so‘kingani tasvirlangan videolar tarqalmoqda.