Dmitriy Xvtisiashvili: Teatrda saviyasi yuqori spektakl qo‘yilar ekan, tomoshabin doim teatrni tanlaydi

0

O‘zbekiston Davlat Yosh tomoshabinlar teatri negizida “ASSITEJ O‘ZBEKISTON” nomi bilan o‘tkazilgan teatr mutaxassislarining ijodiy davra suhbatida Yevroosiyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan 20 dan ortiq teatr ustalari va mutaxassislar qatnashdi. Tadbir paytida “Bolalar teatrida spektakllarini sahnalashtirish jarayonida yosh jihatini aniqlash mezonlarini belgilash” mavzusida fikr almashindi. Biz ushbu tadbirda ishtirok etayotgan Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi Yosh tomoshabinlar teatrining badiiy rahbari Dmitriy Xvtisiashvili bilan suhbatlashdik.

Batano Dmitriy, O‘zbekistonga xush kelibsiz! Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi Yosh tomoshabinlar teatri bu yil o‘zining 91-mavsumida o‘ziga xos faoliyat olib bormoqda. Qaysidir jihatdan u O‘zbekiston Yosh tomoshabinlar teatri bilan tengdosh. Hozir internet tizimi, tarmoq ichidagi turli o‘yinlar bolalarni, barcha tomoshabini o‘z domiga tortayotgan paytda teatr repertuarini tanlashda qaysi mezonlarga amal qilmoqdasiz?

Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi Davlat Markaziy teatri 1998-yilda gruzin va rus yosh tomoshabinlar teatri, qo‘g‘irchoq teatrining birlashtirilishidan yuzaga kelgan. Rus YoTT (Yosh tomoshabinlar teatri)ga 1927-yilda Nikolay Marshak tomonidan asos solinib, u teatrning ilk badiiy rahbari bo‘lgan.

Nikolay Marshakni Gruziya va Kavkaz orti bolalar teatrining asoschisi deb bilishadi. Aynan shu teatrda ijodiy faoliyatini aktyor sifatida taniqli rejissyor Georgiy Tovstonogov boshlagan. Gruzin YoTTga esa 1928-yilda Aleksandr Takaishvili tomonidan asos solingan. Ayni paytda Tbilisi Yosh tomoshabinlar teatrida uch sahna mavjud bo‘lib, ular katta, kichik hamda tajriba sahnalaridir. Tajriba sahnamizda yosh rejissyorlar zamonaviy dramaturgiya asarlarini sahnalashtirib tomoshabin e’tiboriga havola etishadi. Teatr repertuarimizda kattalarga ham, bolalarga ham mo‘ljallangan spektakllarimiz bor. Maqsadimiz, axborot ko‘p bo‘lgan bo‘hronli davrda insonnning o‘zligini saqlab qolish kerakligi bo‘lgan qadriyatlarimizni tomoshabinga yetkazishdan iborat. Ming razil inson bo‘lsin, undan ijobiy fazilat topsa bo‘ladi. Teatrning insoniy fazilatlarni tomoshabinga singdirish an’anasini qadrlaymiz. Sahnada gruzin libosini kiyib gruzincha raqs tushgani bilan aktyorda gruzin qalbi, insoniylik tuyg‘ulari bo‘lmas ekan tomoshabin unga ishonmaydi.

Yaqin yillarda teatr repertuarimizda “Qariyalar uyidagi Qirol Lir” pyesasini sahnalashtirganimizda uni kattalar ham, 8 yoshdan katta bolalar ham yaxshi qabul qilib olishdi. Teatrimiz rejissyori Otar Bagaturiy emigratsiya, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar qariyalar taqdiriga qanday ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risidagi mavzuni ko‘tarib chiqqan.

Hozirgi tomoshabinga asar taqdim etishning yangicha usul va yo‘nalishlarini izlab topish shart. O‘zim ham 3D formatda “Bashi-Achuki” spektaklini sahnalashtirganman. Spektaklga musiqani kompozitor David Malazoniya, raqslarni esa Iliko Suxishvili sahnalashtirgan. Tomoshabinga quruq gap-so‘zli spektakllar emas, harakatlar orqali g‘oya yetkaziladigan dramatik spektakllar zarur. Yosh rejissyorimiz Nikolaz Sabashvili “Tug‘ilgan kun”, Kote Mirianashvilining “Salamura” kamer spektakllarimiz so‘zsiz ijro orqali yosh tomoshabinlarga fikr yetkaziladigan spektakllarimizdan hisoblanadi. Chuningdek, tomoshabinlarimizga rus va gruzin tillarida “Qirollik sigiri”, “Oppog‘oy va etti odamcha”, “Quyoshni qarshi olib” “Qizil qalpoqcha”, “Natsarkekia”, “Sevilyalik sartarosh”, “Malika, qurbaqa, Genzel va Gretel”, “Bo‘g‘irsoq” spektakllarimizni namoyish etib kelmoqdamiz. Aktyor va tomoshabin o‘rtasidagi jonli muloqotni hech qanday virtual o‘yin yoki tomosha, TV, kino bosa olmaydi. Teatrda saviyasi yuqori spektakl qo‘yilar ekan, tomoshabin doim teatrni tanlaydi.

Kecha O‘zbekiston Yosh tomoshabinlar teatri tomonidan namoyish qilingan “Shum bola” spektaklini tomosha qildingiz. Spektakldan olgan taassurotlaringiz.

Spektaklning yutug‘i – unda milliy koloritni bera olganliklarida. Biroq, sahna dekoratsiyasini o‘zgartirish kerakmikan. Liboslar risoladagidek, ijro ham o‘ziga tortadi, undagi raqslar rang-barang. Bilmadim, ehtimol, menga shunday tuyulgandir, biroq spektaklda so‘zlarning ko‘pligi tomoshabinni, ayniqsa, yosh tomoshabinni zeriktirsa kerak.

O‘zbekistonda kitobxonlikka davlat miqyosida katta e’tibor berilmoqda. O‘zbek kitobxoni o‘z adiblarini qanchalik sevib o‘qisa, Shota Rustaveli, Nodar Dumbadze asarlarini ham sevib mutolaa qiladi. Istalgan o‘zbek yosh kitobxonidan Nodar Dumbadzening “Xellados”ini so‘rasangiz, maroq bilan gapirib beradi. “Abadiyat qonuni”dagi Bachchanani ham biz “o‘zimizniki” qilib olganmiz. Mamlakatimiz teatrlarida chetdan rejissyor chaqirib tajriba almashish jarayoniga keng yo‘l ochib berilmoqda. Yaqin orada o‘zbek teatrida spektakl sahnalashtirishni rejalashtirganmisiz?

Bu albatta, talab va taklif qonuniyatiga bo‘ysunuvchi jarayon. Agar O‘zbekistonga spektakl sahnalashtirishga taklif etishsa, bajonidil rozi bo‘laman. Xalqaro bolalar va yoshlar teatrlari assotsiyatsiyasi – ASSITEJga bizning teatr ham a’zo. O‘zbekistonga ASSITEJ doirasida yig‘ilishimizdan ko‘zlangan maqsad ham spektakllar namoyishi, ularning muhokamasi va bolalar teatri oldida vujudga kelgan hamda kelayotgan dolzarb muammolarni hal qilish uchun seminar, davra suhbati o‘tkazib fikr almashishdan iborat. O‘zbek tomoshabinini spektakl ko‘rish jarayonida kuzata turib, bola sahnada etkazilayotgan voqeaga qanday munosabat bildirishi hamda hayajonini ham kuzatib o‘tirdim. Hozircha dastur doirasida namoyish qilingan bitta – “Chum bola” spektaklini ko‘rdim. Biror xulosaga kelishdan oldin qolgan spektakllarni ham kuzatay-chi. Barcha teatr mutaxassislarining o‘z oldiga bugun qo‘ygan yagona vazifasi – teatrdan tomoshabinni bezdirish emas, balki uning teatrga muhabbatini oshirishdan iborat.

Nigora UMAROVA suhbatlashdi.