«Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda tasdiqlanadi

0

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni” loyihasi joylashtirildi.

Foto: Depositphotos

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi 734-XII-sonli Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlanishi mumkin.

Yangi tahrirdagi “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, Banklarni va boshqa kredit tashkilotlarini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilanadi. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Qayd etilishicha, auditorlik faoliyati mustaqillik, xolislik, halollik, professional malakalilik va maxfiylik prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Auditorlar farazlarga asoslanib fikr bildirishdan holi bo‘lishi va obro‘sini tushirishi mumkin bo‘lgan omillarga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Auditorlik tashkilotining mustaqilligiga to‘sqinlik qiladigan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, auditorlik tashkiloti auditorlik xizmatlarini ko‘rsatishdan voz kechishi kerak. Auditorlar xolis bo‘lishi va manfaatlar to‘qnashuvi yoki boshqa shaxslar tomonidan bosimlar sababli o‘z professional mulohazasini riskka qo‘ymasligi lozim. Auditor professional burchiga va axloqiy talablarga sodiq bo‘lishi, shuningdek, auditorlik tashkiloti obro‘siga ta’sir ko‘rsatadigan holatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Auditor ushbu Qonun talablariga amal qilishi, auditorlik tashkiloti tarkibida sifatli auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun yetarli bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni ushlab turishi lozim.

Auditorlik tashkilotlari auditorlari va ishchilari auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni auditorlik xizmati ko‘rsatilgan shaxsning yozma roziligisiz oshkor etmasligi lozim, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.

Auditorlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan, Buxgalterlar xalqaro federatsiyasi tomonidan chop etilgan, O‘zbekiston Respublikasida rasmiy nashr qilishga Xalqaro Auditorlik Amaliyoti Komitetidan ruxsati olingan, maxsus vakolatli organ va (yoki) auditorlarning respublika jamoat birlashmalari veb-saytida joylashtirilgan audit, sifat nazorati, umumiy tekshiruvlar va turdosh xizmatlar bilan bog‘liq xalqaro standartlar talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Auditorlarning professional ahloq kodeksi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan tasdiqlanadi. Auditorlik tashkilotlari auditorlarning axloqiy xatti-harakatlari jamiyat manfaatlariga, umumiy moral normalarga, mustaqillik, xolislik, halollik, professional malakaviylik va maxfiylik prinsiplariga muvofiq kelishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi auditorlik faoliyatini tartibga solish sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Vakolatli organ:

o‘z vakolatlari doirasida auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni tasdiqlaydi va auditning xalqaro standartlarini qo‘llash tartibini belgilaydi; 

sertifikat topshiradi, qayt rassmiylashtiradi, uning amal qilish muddatini uzaytiradi va tugatadi, shuningdek auditorlar reyestrini yuritadi;

auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan kelishgan holda sertifikati olish uchun malaka imtihonlarini topshirish reglamentini tasdiqlaydi;

auditorlarning respublika jamoat birlashmalari ishtirokida malaka imtihonini o‘tkazadi;

auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan kelishgan holda auditorlarning malakasini oshirishning yagona dasturini tasdiqlaydi va unga amal qilinayotganligi monitoringini o‘tkazadi;

auditorlik tashkilotlari reyestrni yuritadi;

auditorlarning respublika jamoat birlashmalari ishtirokida majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazadigan auditorlik tashkilotlari ishning tashqi sifat nazoratini o‘tkazadi;

auditorlik xizmatlar bozori holatini tahlil qiladi.

Vakolatli organ quyidagilarni veb – saytida joylashtiradi:

auditorlik faoliyatining standartlarini;

auditorlik tashkilotlari reyestri va auditorlik tashkilotlarining xalqaro auditorlik tizimi hamda xalqaro assotsatsiyalarga a’zoligi to‘g‘risida ma’lumotlar;

auditorlar reyestri to‘g‘risida ma’lumotlar;

taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati va malaka imtihonini topshirish, qayta rassmiylashtirish hamda sertifikat dublikatini olish uchun arizalar namunasi;

malaka imtihonini o‘tkazish reglamenti;

auditorlar malakasini oshirishning yagona dasturi;

majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazadigan auditorlik tashkilotlar ishini tashqi sifat nazoratidan o‘tkazish uslubiyoti va dasturi;

majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazadigan auditorlik tashkilotlar ishini tashqi sifat nazoratidan o‘tkazish natijalari;

auditorlik xizmatlari bozori rivojlanishi to‘g‘risida ma’lumotlar;

ushbu Qonunga muvofiq boshqa ma’lumotlar.

Markaziy bank o‘zining vakolatlari doirasida:

auditorlik tashkilotlariga banklarni tekshirish huquqini beruvchi sertifikat, shuningdek auditorlarga banklarni tekshirish huquqini beradigan malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi;

banklarni tekshirish huquqini beradigan sertifikatga ega auditorlik tashkilotlari, banklarni tekshirish huquqini beradigan malaka sertifikatiga ega auditorlarning reyestrini yuritadi va ularni veb-saytida joylashtiradi.

Markaziy bank tomonidan beriladigan, banklarni tekshirish huquqini beruvchi malaka sertifikatiga ega kamida ikki nafar auditori bor auditorlik tashkilotlariga banklarni tekshirish huquqini beruvchi sertifikat muddatsiz beriladi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting