Ombudsmanning 2018-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi

0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2018-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini eshitdilar. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Ombudsman

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili U. Muhammadiyev hisobot bilan soʻzga chiqdi.

Ombudsman fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, normativ-huquqiy hujjatlarning inson huquqlariga oid normalarini yanada takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi toʻgʻrisida deputatlarga batafsil maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz uchun 2018 yil inson huquqlarini roʻyobga chiqarish, xalqimizning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega yirik voqealarga boy kechdi. Hisobot yilida ayni yoʻnalishda 60 ta qonun va 2 mingdan ortiq boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani va ular parlament hamda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga, sud-huquq tizimini takomillashtirishga, qulay investitsiya muhitini yaratishga, taʼsirchan ijtimoiy siyosat olib borishga koʻmaklashayotgani ham buning yaqqol tasdigʻidir.

Ombudsman 2018 yilda ham Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan qonunlarni ishlab chiqish va muhokama qilishning barcha bosqichida faol qatnashdi. Ombudsmanning nazorat-tahlil faoliyatiga doir materiallaridan parlament eshituvlari jarayonida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining axborotlarini muhokama qilish chogʻida keng foydalanildi.

Oila institutini mustahkamlashga, yoshlar kamoloti uchun eng yaxshi shart-sharoitlar yaratishga, aholining zaif qatlamlariga gʻamxoʻrlik qilish, shu munosabat bilan “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” kabi maqsadli dasturlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Hisobot yilida inson huquqlari ustuvorligi prinsipi BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi bilan hamkorlik qilish, din yoki eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan dasturlarda oʻz aksini topdi. Ayniqsa, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligini nishonlash dasturini Oʻzbekistonda amalga oshirishda Ombudsman faol ishtirok etdi.

Alohida qayd etilganidek, oʻtgan yil inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy institutlarni rivojlantirish tarixida yana bir jihati bilan yorqin iz qoldirdi. Yaʼni BMTning Parij prinsiplariga va inson huquqlari sohasidagi boshqa xalqaro huquq hujjatlariga muvofiq, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari kuchaytirildi. Qiynoqqa solishning va muomalada boʻlish hamda jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlarining oldini olishda Ombudsman va nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida 2018 yil 25 dekabr kuni Qonun qabul qilindi. Shu bilan bir qatorda, Ombudsman faoliyatining qonun hujjatlarida belgilangan yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Ombudsman Kotibiyatining shtati ikki baravar kengaytirildi va uning yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Ombudsman tomonidan 2017 yilda joriy etilgan qonunchilik vakolatlari muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazildi. Parlament palatalari qoʻmitalariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillarining xabarlarini ular tomonidan eshitish toʻgʻrisida takliflar, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlari buzilishini, bunga imkoniyat yaratadigan sabab, shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga taqdimnomalar, faoliyatida inson huquqlari va erkinliklari buzilishi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish haqida iltimosnomalar, davlat boji toʻlamay sudlarga fuqarolar manfaatlarini koʻzlab ariza va daʼvolar kiritishga doir huquqlar amalga oshirildi.

Ombudsman tomonidan faoliyatning bosh yoʻnalishi sifatida qamoqda saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilish boʻyicha ham izchil ishlar olib borildi. Tasdiqlangan “Qiynoqqa solishning va muomalada boʻlish hamda jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlarining oldini olishga doir nazorat-tahlil tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish jadvali” doirasida milliy preventiv mexanizm mandati bilan qamrab olinadigan 70 dan ortiq muassasalarga yil davomida parlament palatalari bilan birgalikda monitoring tashriflari amalga oshirildi. Mazkur tashriflarda deputatlar korpusi, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy institutlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, “Human Rights Watch” xalqaro jamoat tashkiloti va BMT Bolalar jamgʻarmasi vakillari qatnashdi.

2018 yilda Ombudsman nomiga Oʻzbekiston Respublikasi, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 10 832 ta (2017 yilda — 9 074 ta) murojaat kelib tushdi. Ularning 37 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 34,9 foizi ijtimoiy, 25,1 foizi iqtisodiy, 2,3 foizi siyosiy hamda 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.

Ombudsmanning xalqaro aloqalarida ham jonlanish kuzatildi. Hisobot davrida Ombudsman tomonidan 2 ta xalqaro tadbir tashkil etildi. Xorijiy davlatlarning 22 nafar ombudsmani bilan, shuningdek, xalqaro va xorijiy institutlarning 17 ta delegatsiyasi bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlar inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston tajribasini keng targʻib etish imkonini berdi. Ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi xalqaro institutlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Ombudsman 2018 yilda Milliy huquqni himoya qilish muassasalari Global alyansining Jenevadagi BMT Millatlar saroyida oʻtkazilgan majlisida ilk bor kuzatuvchi sifatida qatnashgani mamlakatimizning ayni sohadagi islohotlari jahon miqyosida eʼtirof etilayotganidan dalolatdir.

Ombudsman hisobotini muhokama qilish mobaynida siyosiy partiyalar fraksiyalarining va Oʻzbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari soʻzga chiqdilar. Ular tomonidan davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi hamda 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi vazifalarni amalga oshirishga doir tavsiya va takliflar bildirildi.

Qisqacha aytganda, Ombudsmanning 2018 yildagi faoliyatiga doir hisobot tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi. Shundan soʻng muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni maʼqulladilar va tegishli qaror qabul qildilar.