O‘zbekistondagi barcha tovar belgilari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

0

2019-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston hududida roʻyxatdan oʻtgan barcha tovar belgilari toʻliq xatlovdan oʻtkaziladi. Bu Prezidentning “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan.

Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda hammaga ma’lum tovar belgilarining nohalol ro‘yxatdan o‘tkazilishini aniqlash ekanligi bildirilmoqda.

Xatlov yakunlariga ko‘ra qonun talablari buzilgan holda berilgan tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalarni bekor qilish choralari ko‘riladi.

Mazkur vazifa Adliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning ushbu qarori bilan Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazildi va Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi etib qayta nomlandi.