O‘zbekistonda jurnalistlarni himoya qiluvchi Media-ombudsmen instituti tashkil etiladi

0

Oʻzbekistonda OAV huquqlarini kafolatlash va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, davlat idoralarining OAV faoliyatiga asossiz aralashuvidan ogohlantirish, OAV hamda davlat idoralari, jismoniy, yuridik shaxslar oʻrtasidagi nizoli holatlarni hal qilish bilan shugʻullanuvchi Media-ombudsmen instituti taʼsis etiladi. Bu haqda Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Facebookʼdagi sahifasida maʼlum qildi.

Foto: Xabar.uz

Media-ombudsmen ommaviy axborot vositalarining huquqlari buzilganda ularga huquqiy yordam ko‘rsatishdan tashqari, o‘z o‘rnida, OAV tomonidan davlatning amaldagi qonunchiligiga, jumladan, axborot sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya etilishini ham nazorat qiladi.

Bu borada u o‘quvchi-mushtariylar, tomoshabinlar va yuridik shaxslarning OAVdagi nizoli materiallar yuzasidan shikoyatlarini o‘rganadi. Media-ombudsmen so‘z erkinligi va OAV mustaqilligini ta’minlash asnosida shu kabi nizoli vaziyatlarni tartibga solish va sudga qadar ish yuritish bosqichida OAV hamda davlat idoralari, jismoniy, yuridik shaxslar o‘rtasidagi nizoli holatlarni hal qilish funksiyasini bajaradi.

Media-ombudsmen faoliyati quyidagi mezonlar asosida tashkil etiladi: mustaqillik, boy amaliy tajriba, huquqiy normalarni yaxshi bilish va xatolar ustida ishlash, sohaga doir kamchilik va yutuqlardan xabardor bo‘lish, professional va dimplomatik yondashuv.

“Axborot iste’molchilari va OAV bilan ishlash imkonini beruvchi Media-ombudsmen institutining ta’sis etilishi jurnalistlarimizning huquqiy madaniyati va etikasini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb umid qilamiz”, — deb yozadi Komil Allamjonov.