Harbiy xizmatchilar oila aʼzolarini qanday muammolar oʻylantirmoqda?

0

Termiz shahridagi Yoshlar markazida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Jamolxon Aʼzamov ochiq muloqot oʻtkazdi. Unda Termiz garnizoni harbiy xizmatchilari oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi va muammolari muhokama qilindi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

korrespondent uz 001
Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondonligi, Termiz harbiy prokuraturasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, Davlat xizmatlari agentligi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi boshqarmalari va boshqa aloqador tashkilotlarning masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Keyingi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar milliy armiyamizning jangovar salohiyatini yuksaltirib, harbiy qism va harbiy shaharchalar infratuzilmasini tubdan oʻzgartirish, harbiy xizmatchilar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va zamonaviy sharoitlar yaratishda muhim omil boʻlayotgani alohida taʼkidlandi.

Oʻtgan yili viloyat hududi va harbiy shaharchalarda mudofaa qoʻshinlari harbiy xizmatchilari uchun qariyb 150 xonadonga moʻljallangan zamonaviy uylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda 360 dan ortiq xonadonga moʻljallangan yangi uy bunyod etiladi. Harbiy qismlarda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar tashkil etilayotir. Farzandlari oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda imtiyozlardan foydalanmoqda. Bevosita Termiz harbiy prokuraturasi tomonidan oʻtgan yili 100 dan ortiq harbiy xizmatchining oila aʼzolari oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirildi.

korrespondent uz 002
Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

– Keyingi yillarda harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi va salomatligini muhofaza qilish davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi, – deydi Janubiy operatsion yoʻnalish boshqaruvi guruhining xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassisi Hulkar Xurramova. – Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tinchligimiz posbonlarining oʻz burchini aʼlo darajada bajarishida muhim oʻrin tutadi. Viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur uchrashuv ham harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari duch kelayotgan muammolarni hal etishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Uchrashuvda qayd etilganidek, viloyatda hali harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining muammolari toʻliq hal etilmagan. Jumladan, ularning farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish, oilaviy sharoitiga koʻra xizmat vazifasini boshqa hududga almashtirish, ipoteka krediti olish, taʼlim, tibbiyot va boshqa muassasalarga ishga joylashishda oʻz yechimini kutayotgan masalalar bor.

korrespondent uz 003
Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Ochiq muloqotda harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining ana shunday muammolari tinglanib, ularni birgalikda hal etish yoʻllari izlandi. Masalan, Termiz shahrida maktabgacha taʼlim muassasalarida 11 mingdan ortiq bola tarbiyalanmoqda. Biroq viloyat markazida mavjud maktabgacha taʼlim muassasalari 4 mingdan ziyod bolani qabul qilish quvvatiga ega. Shu bois, shaharda harbiy xizmatchilarning farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga toʻliq qamrab olish imoniyati boʻlmayapti. Bu muammoni hal etish uchun yangi bogʻchalar qurish taklifi bildirildi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting