Oʻzbekistonda avtokreditlar ajratish cheklanganmi?

0

Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov Xalqaro press-klubning navbatdagi majlisida maʼlum qilishicha, regulyator yangi avtomobillar xarid qilish uchun kreditlar ajratishni cheklagani yoʻq, balki bunday kredit beradigan banklarning ustav kapitaliga qoʻshimcha talablarni joriy qildi. Chunki bunaqa kreditlash yuqori riskli hisoblanadi.

Foto: Xalqaro press klub

“Avtokredit berishga toʻgʻridan-toʻgʻri cheklov yoʻq. Biz avtokreditlar boʻyicha risklar darajasini oshirdik va shu sababli banklarga talabni kuchaytirdik. Biz ushbu masalaga makroiqtisodiyot nuqtai nazaridan yondashishimiz kerak. Yangi avtomobillarni xarid qilish uchun kreditlash jadal rivojlansa, biz ikkilamchi bozorni oʻldiramiz. Ommaviy ravishda avtokreditlar berish hamda birlamchi bozorni rivojlantirish orqali biz qaysidir maʼnoda ikkilamchi bozordagi narxlarning tushishiga zamin yaratamiz. Shunday qilib, bir yarim yildan soʻng avtomobil ancha arzon boʻladi va kreditni qoplay olmaydi”, dedi regulyator rahbari.

Uning qayd etishicha, bozor kompleks, bir tarafga ziyon yetkazmasdan rivojlanishi kerak. Shuning uchun ham Markaziy bank mazkur kredit boʻyicha riskni baholashni kuchaytirib, tijorat banklaridan avtomobil xaridi uchun kredit ajratishda rezervning muayyan normasini yaratishni talab qila boshladi.