Jasliqda jazo o‘tayotgan mahkum Iskandar Xudayberganovning sog‘ligi bo‘yicha IIV bayonot berdi

0

2019-yilning 2-fevral kuni baʼzi bir ijtimoiy tarmoqlarda “Jasliq” mahkumi Iskandar Xudoyberganovning ahvoli ogʻirlashdi“ sarlavhasi ostida xabar tarqatildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan 19-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan, 44 yoshli Iskandar Xudayberganovning amakisi oldiga militsiya xodimi kelib, uning ahvoli oʻta ogʻirligi, jiddiy kasallanganligi hamda zudlik bilan xabar olish lozimligini aytganligi haqida bayon qilingan. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborotvositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bergan maʼlumotga koʻra, 1974-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan mahkum Iskandar Erkinovich Xudayberganov 2002-yil 28-noyabr kuni Toshkent shahar sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-moddasi 3-qismi, 156-moddasi 2-qismi, 159-moddasi 4-qismi, 161-moddasi, 242-moddasi 2-qismi, 247-moddasi 3-qismi, 248-moddasi 1-qismi bilan oʻlim jazosiga hukm qilingan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining ajrimiga asosan hukm oʻzgartirilib, 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Shuningdek, ma’lumotda mahkum I.Xudayberganovning yaqin qarindoshlari oldiga O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasida yoki 19-son jazoni ijro etish koloniyasida xizmat qilayotgan xodimlardan birortasi bormaganligi hamda hozirgi kunda mahkum I.Xudayberganovning sog‘ligi qoniqarli darajada bo‘lib, statsionar yoki ambulator tartibda davolanishga muhtoj emasligi, u barcha mahkumlar qatori jazo muddatini o‘tayotganligi bildirilgan.