Barcha bolalar uchun nafaqa ajratish taklif qilindi

0

BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISЕF) 1-fevral kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan tadbirda 2034-yilgacha Oʻzbekistondagi barcha voyaga yetmagan bolalarni nafaqa bilan qamrab olish taklif qilindi. Tadbir “Yuksalish” Ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Foto: UNICEF

Oʻzbekiston ijtimoiy himoya uchun YAIMning 9,7 foizini ajratadi. Biroq aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami muntazam ijtimoiy yordam olayotgani yoʻq. Kam taʼminlangan oilalarning oʻrtacha nafaqa olish davomiyligi 4,7 oyni tashkil etmoqda.

Faqatgina 17 foiz bolali oilalar farzandlarini parvarishlash uchun nafaqa olmoqda. Nafaqalar umumiy qashshoqlik darajasini kamaytirishga ijobiy taʼsir koʻrsatmayapti. Ijtimoiy yordamga muhtoj aholi qatlamida 15 yoshgacha boʻlgan bolalar soni kattalarga nisbatan 1,5 barobar koʻproq.

Bolalar qashshoqligi oilalarda yashayotgan keksalar nafaqasi hisobiga yengillashtirmoqda.

YUNISЕF tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy himoya tizimlari tahlillari aholining faqatgina 1 foizi daromadi oyiga 1,6 mln soʻmni tashkil etishini koʻrsatdi. 76 foiz aholining kunlik xarajatlari 15,7 ming soʻmdan kamroq. Qashshoqlik chegarasida yashayotgan odamlarning yarmiga yaqini ijtimoiy yordam olmaydi.

Kam taʼminlangan oilalar farzandlari kelajagi uchun zarur boʻlgan kasbiy va oliy taʼlim olishlarini taʼminlashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. 12 foiz iqtisodiy faol aholi ish bilan taʼminlanmagan. Bu yoshlarning ish beruvchilar tomonidan qoʻyilgan bilim va malakalarga ega emasligi bilan bogʻliq. Natijada migratsiya darajasi ortib bormoqda, deya taʼkidladi YUNISЕFning ijtimoiy himoya boʻyicha xalqaro eksperti Stiven Kidd.

Shu munosabat bilan YUNISЕF Oʻzbekiston uchun 2 yoshgacha boʻlgan barcha bolalar uchun 150 ming miqdorida oylik nafaqa tayinlashni taklif qildi.

Tashkilot hisob-kitoblariga koʻra, bolalar nafaqalarini toʻlash tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish boshlangʻich bosqichda moliyaviy xarajatlarni koʻpaytirishni talab qilmaydi. Istiqbolda esa har yili YAIMning 0,05 foizi miqdorida oshirishni taqozo etadi xolos. Bu bilan 2030-yilda 14 yoshgacha boʻlgan, 2034-yilda 18 yoshgacha boʻlgan barcha bolalarni nafaqa bilan qamrab olishga zamin yaratiladi.

Nogironligi boʻlgan bolalar nafaqa tizimini isloh qilish uchun qoʻshimcha izlanishlar olib borilishi lozim. Bugungi kunda nogironlikning ogʻir shakllariga ega 3−17 yoshdagi bolalarning faqatgina 48 foizi koʻmak oladi.

“Bolalarni nafaqalar bilan qamrab olish kelgusida salbiy iqtisodiy oqibatlar xavfini kamaytiradi”, — dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili Rafael Klivleyev.