O‘zbekiston elchisi Lyuksemburg Buyuk gersogiga ishonch yorliqlarini topshirdi

0

2019-yilning 30-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi elchisi Dilyor Hakimov (qarorgohi Bryussel shahrida) Lyuksemburg Buyuk gersogi Anriga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va Lyuksemburg o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Lyuksemburg Buyuk gersogi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab, O‘zbekistonning ochiq tashqi siyosatini, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning faollashganini ma’qullashini yetkazib qo‘yishni so‘radi. Shu o‘rinda Afg‘onistondagi tinchlik, xavfsizlik va rivojlanishni ta’minlashdagi O‘zbekistonning sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.

Suhbatda Lyuksemburg Tashqi ishlar vaziri Jan Asselbornning ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish hamda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston aloqalarini, ayrim mintaqaviy va xalqaro mavzularni muhokama qilish maqsadida Toshkentga amalga oshiradigan tashrifining muhimligi qayd etildi.

Lyuksemburg rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun ulkan salohiyatning mavjudligini e’tirof etdi.

O‘zbekistonning qadimiy tarix va boy madaniyatga ega davlat sifatida dunyoga mashhurligi ta’kidlandi. O‘zining tarixiy o‘tmishi, buyuk allomalari va me’morchilik yodgorliklari bilan butun dunyoda dong‘i ketgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari jahonning boshqa qismlari aholisiga minqataning qadimiy sivilizatsiyasini va “Buyuk ipak yo‘li” tarixini his qilish imkonini beradi.