«O‘zcharmsanoat» rahbari investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bo‘ldi

0

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Umurzoqov Sardor Oʻktamovich Oʻzbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlandi, deya xabar qildi assotsiatsiya matbuot xizmati.

Foto: uzcharm.com

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Tashqi savdo vazirligining qo‘shilishi orqali tashkil etilmoqda.

Sardor Umurzoqov (1977-yilda tugʻilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Reding universiteti (Buyuk Britaniya) magistraturasini tamomlagan, hozirda fan doktori ilmiy darajasiga (PhD) ega. Sardor Umurzoqov uzoq muddat Oʻzbekiston bank sohasida, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London, Buyuk Britaniya) hamda respublika moliya tizimida, xususan Moliya vazirligi Gʻaznachiligida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Bungacha Davlat investitsiya qoʻmitasiga Suxrob Xolmurodov (2018-yil fevraldan), Tashqi savdo vazirligiga esa Jamshid Xodjayev (2017-yil noyabrdan) rahbarlik qilgan.

“Gazeta.uz”ning hukumatdagi axborot manbasi maʼlumotlariga koʻra Vazirlar Mahkamasi tarkibining tubdan oʻzgarishi kutilmoqda.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosarlarining muayyan idoralarga rahbarlik qilishi amaliyoti tugatilib, bosh vazir o‘rinbosarlari soni optimallashtirilishi xabar qilingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida respublikada «ixcham» Vazirlar Mahkamasi tashkil etilishini ma’lum qildi.