O‘zbekiston maxsus bo‘linma harbiylari AQShdagi mashg‘ulotlarda qatnashmoqda

0

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi maxsus boʻlinma harbiy xizmatchilari AQSHning Kemp-Shelbi harbiy bazasi (Missisipi shtati)da boʻlib oʻtayotgan “Janubiy zarba” hamkorlikdagi mashgʻulotlarda ishtirok etmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

11-yanvardan buyon ular ikkita hamkorlikdagi mashqlarni oʻtkazib ulgurdi. Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha. Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Abdusalom Azizov boshchiligidagi harbiy delegatsiya mazkur mashgʻulotlarning uchinchi — asosiy fazasini kuzatish uchun AQShga joʻnab ketdi.

Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

“Janubiy zarba” taktik mashgʻulotlari — Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tomonidan Galfport shahrida joylashgan jangovar tayyorgarlik va birlashgan kuchlarning Kemp-Shelbi oʻquv bazalarida oʻtkaziladigan yirik oʻquv-jangovar mashgʻulotlari hisoblanadi. Oʻquv mashgʻulotlari barcha qoʻshin turlari hamda qoʻriqlov boʻlinmalari, zaxira kuchlari va doimiy qoʻshinlar uchun amaliyotda jangovar shaylikni ushlab turish hamda AQSh va asosiy ittifoq qurolli kuchlari oʻrtasidagi hamkorlik masalalarini taʼminlash kabi maqsadlarni oʻz ichiga oladi.

Mazkur keng miqyosdagi mashgʻulotlarda Kanada, Chili va Niderlandiya harbiylari ham qatnashmoqda.

AQShga rasmiy tashrif davomida Oʻzbekiston harbiy delegatsiyasi Tampa shahridagi (Florida shtati) CENTCOM bosh qarorgohiga ham tashrif buyurib, uning rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazishi rejalashtirilgan.