Ishlamayotgan Youtube’da “Qaddi baland” klipi salkam 4 mln. marta koʻrildi

0

Oʻzbekistonda oktabr oyidan ishlashida muammolar kuzatilgan Youtube videoxostingidagi Jahongir Otajonovning “Qaddi baland” qoʻshigʻiga ishlangan klipi salkam 4 million marotaba tomosha qilindi.

5-dekabr kuni “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi qoʻshiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy kengashining navbatdagi yigʻilishida bir necha xonandalarning klipi muhokama qilingan. Muhokama jarayonida Jahongir Otajonovning “Qaddi baland” qoʻshigʻiga olingan videoklipda baʼzi juzʼiy kamchiliklar koʻzga tashlangani sababli rad etilgan edi.

Xonanda Instagram’dagi sahifasi orqali ushbu holatga munosabat bildirdi. Uning yozishicha, “O‘zbekkonsert” badiiy kengashi a’zolari Xorazmiyning she’ri ma’nosini tushunmagan, shuning uchun uning klipi TVda ko‘rsatilishiga rad javobi berilgan.

“Shoirning ahvolini qara”, — deb yozadi xonanda kinoya bilan.

2018-yilning 1-dekabrida hostingga joylashtirilgan videoklip 27-yanvar holatiga 3 515 996 marotaba tomosha qilingan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 2018-yilning oktabr oyidan Facebook, VK ijtimoiy tarmoqlari hamda Youtube videohostingiga kirishning imkoni boʻlmay qolgan. Aksariyat internet foydalanuvchilari videoxostingga kirish atay cheklanmoqda, degan fikrda.

Oʻzbekistonda 15-yanvar kuni Facebook va VK ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube videoxostingi bir muddat VPNʼsiz ishlay boshlagan edi. Unga qadar shu kuni 10:25 dan maʼlum muddatgacha tashqi internet-kanallariga mutlaqo kirish imkonsiz boʻlib qoldi.