Model Nadya Nepomnyashaya Toshkent aeroportida qo‘lga olindi

0

29 yoshli model Nadya Nepomnyashaya 23-yanvar kuni Londondan uchib kelishda Toshkent xalqaro aeroportida ushlangan.

Foto: hellomagazine.com

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining dastlabki tergv hujjatlariga tayanib “Gazeta.uz“ga maʼlum qilishicha, Toshkentda doimiy roʻyxatda turuvchi Nadya Nepomnyashaya 2018-yilning 8-avgustida pasportida xorijga chiqishga ruxsat beruvchi stiker (oʻtgan yil soʻngiga qadar ikki yil muddatga berilgan) boʻlmagan holda Rossiya orqali Angliyaga borgan.

Nadya Nepomnyashayaga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 223-moddasi 1-qismi bo‘yicha (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish — eng kam oylik ish haqining 200 dan 400 barobarigacha jarima yoki 3 dan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Xorijga chiqish uchun majburiy ravishda rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan ruxsat beruvchi qayd mavjud stiker (OVIR) 1-yanvardan bekor qilindi. Uning oʻrniga 10 yil muddatga beriluvchi xorijga chiqish pasporti joriy etildi.