Teatr rassomi Georgiy Brimni xotirlab kecha oʻtkazildi

0

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifidan oldin 14-yanvarda Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida yurtimizda yashab ijod etgan millati nemis, biroq qalbi sharq kishisiga xos boʻlgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq rassomi Georgiy Brimga bagʻishlangan xotira kechasi boʻldi. Bu haqdaOʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Foto:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati

Xotira kechasida Oʻzbekiston Respublikasining yetuk sanʼat arboblari, teatrshunoslar, rassomning shogirdlari qatnashdi.

Kechani Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev ochib berar ekan Georgiy Brimning oʻzbek teatr sanʼatida tutgan yetakchi oʻrni, teatr sanʼati dekoratsiyasini yaratishda qoldirgan yorqin hamda salmoqli izi haqida alohida taʼkidladi.

Foto:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati

Georgiy Brim spektakllaridagi dekoratsiyalar bir-biriga oʻxshamasligi, ular rang, shakl, nur va faktura asosida oʻziga xos talqin etiladi. rassom mahoratining asl mohiyati uning yuksak tasvir madaniyati, rangtasvir texnikasi va teatr texnologiyasi sirlarini puxta egallaganidadir.

Foto:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati

Georgiy Brim 1935-yil 18-sentabrda Ozarbayjonning Akstafa tumani Kirovka qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan. 1953-yilda Ashxobod badiiy bilim yurtini, 1957-yilda Shota Rustaveli nomidagi Tbilisi teatr – rassomlik bilim yurtini tugatadi. bilim yurti yoʻllanmasi bilan Mari viloyat teatria bosh rassom boʻlib ishlaydi. Taqdir taqazosi bilan Georgiy Brim 1961-yilda Oʻzbekistonga kelib, Toshkent teatr va rassomlik institutiga oʻqishga kiradi. Talabalik yillaridayoq Toshkent, Ashxobod, Mari shaharlari teatrlarida spektakllarni sahnalashtirishda rassom-dekarator sifatida qatnasha boshlaydi. 1967-yilda oʻqishni bitirib, Hamza nomidagi Oʻzbek Davlat akademik drama teatri (hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama teatri)da rassom, 1969-yildan esa bosh rassom sifatida faoliyat koʻrsatadi.

Foto:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati

Georgiy Brim faoliyatining boshlangʻich davrida Oʻzbekistonda koʻzga koʻringan teatr rassomlari I. Valdenberg, D. Ushakov, H. Ikromov hamda V. Riftinlarning ijodiy anʼanalariga asoslanib spektakllarni bezaydi. keyinchalik esa u asta-sekin oʻz ijodiy yoʻlini topadi, koʻplab spektakllarning sahna yuzini koʻrishida rassom-dekarator sifatida oʻz hissasini qoʻshadi. Oʻtgan asrning 60-80 yillarida Hamza teatrida sahnalashtirilgan har bir spektaklda Brimning rassom-dekarator sifatidagi ruhiyati yaqqol sezilib turardi. U oʻnlab spektakllarni mahorat bilan bezab, isteʼdodli teatr rassomi sifatida tan olinadi, el nazariga tushadi, madaniy jamoatchilikning eʼtiborini qozonadi.

Musavvir Hamza teatriga kelishi bilan taniqli teatr rejissyori Toshxoʻja Xoʻjayev sahnalashtirgan A. Shteynning“Shaxsiy ish” (1967), Hamzaning “Boy ila xizmatchi” (1968), S.Azimovning “Qonli sarob” (1968) spektakllariga dekoratsiya tayyorladi. Dastlabki muvaffaqiyatlardan ruhlangan rassom doimiy tarzda ijodiy izlanishda boʻldi. Qator spektakllarni sahnaga qoʻyishda oʻz salohiyati va isteʼdodini namoyon etdi.

Georgiy Brim Hamza teatrida sahnalashtirilgan Sofoklning “Shoh Edip” (1969), Shukur Saʼdullaning “Afsona yaratgan qiz” (1971), Asqad Muxtorning “Samandar” (1972), Uygʻunning “Abu Rayhon Beruniy” (1973), Oʻlmas Umarbekovning “Komissiya”(1974), Fridrex Shillerning “Qaroqchilar” (1974), Gogolning “Uylanish” (1975), Ye.Shvarsning “Qor malikasi” (1976), Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻaloni”(1976),Oʻlmas Umarbekovning “Qiyomat qarz” (1976), Asqad Muxtorning “Sahro tor” (1977), V.Vasilyevning “Roʻyxatlarda yoʻq” (1978), Rabindranat Tagorning “Halokat”romani asosida Aleksand Ginzburgning “Gang daryosining qizi” (1978), Lev Tolstoyning “Tirik murda” (1978), M.Gorkiy nomidagi rus Davlat akademik drama teatrida Goldfelning “Ivan va Mariya” (1971), Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻaloni” (1977),Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Davlat akademik Katta teatrida J. Verdining “Rigoletto” (1970), J.Bizening “Karmen”(1973), Qoʻqon oʻzbek drama teatrida Hamzaning “Boy ila xizmatchi” (1974), Kattaqoʻrgʻon oʻzbek drama teatrida Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻaloni” (1977), Fargʻona musiqali drama va komediya teatrida Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” (1977) spektakllariga dekoratsiyalar ishladi.

Foto:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati

Georgiy Brimga Oʻzbekistonimizning teatr sanʼatiga kattahissa qoʻshgan buyuk rejissyorlar Aleksandr Ginzburg, Toshxoʻja Xoʻjayev, Bahodir Yoʻldoshevlar bilan ancha yillarijodiy hamkorlikda ishlab, oʻzbek teatr sanʼati tarixida muhim oʻrin tutgan spektakllarga dekoratsiyalar yaratish nasib etdi. Georgiy Brimni Bahodir Yoʻldoshev bilan hamkorlikda “Roʻyxatlarda yoʻq”, “Nodirabegim”, “Kelinlar qoʻzgʻaloni”,”Ibn Sino”, “Yulduzli tunlar”,“Maysaraning ishi”, “Ipak yoʻli”, “Iskandar” kabi koʻplab spektakllarni yaratishgan.

Foto:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati

Georgiy Brim mamlakatimizda oʻtkazilgan NAVROʻZ (1995), MUSTAQILLIK (1995), AMIR TЕMUR (Samarqand, 1996), Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600 yilligiga bagʻishlab Samarqandda oʻtkazilgan tantana (1996), SHARQ TARONALARI xalqaro festivali (1997) sahna dekoratsiyalarini ishlagan.

Georgiy Brim 1999-yil 19-mayda Germaniyaning Landsxut shahrida vafot etgan.