Oʻzbekiston – Germaniya 4 milliard AQSh dollaridan ziyod kelishuvlarga erishildi

0
21
marta oʻqilgan

Berlin shahrida 14-yanvar kuni Oʻzbekiston – Germaniya ishbilarmonlari biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Foto: Korrespondent.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning savdo, investitsiya, bank-moliya, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi, konsalting, logistika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, kimyo, togʻ-kon sanoati, xizmat koʻrsatish kabi tarmoqlar uchun masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.

Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.Xolmurodov, Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri oʻrinbosari E. Frans, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining birinchi vitse-prezidenti Yu.Rigterink, Xalqaro moliya korporatsiyasi mintaqaviy direktori K.Fyulster qatnashdi.

Oʻzbekistonda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Mamlakatda 130 dan ortiq germaniyalik ishbilarmonlar ishtirokidagi kompaniyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bular orasida “MAN”, “Claas”, “Lemken”, “Knauf” kabi oʻz sohasida yetakchi boʻlgan ishlab chiqaruvchilar faoliyati eʼtiborga molik.

Hamkorlik natijasida 2018-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 770 million AQSh dollaridan ortdi. Bu 2017-yilga nisbatan 24,5 foiz koʻp. Birgina oziq-ovqat mahsulotlari eksportida oʻtgan yili 44,6 foiz oʻsish qayd etilgan. Germaniyadan Oʻzbekistonga asosan turli texnika vositalari import qilinadi.

Biznes-forumda Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati, sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar, Oʻzbekiston bozorida xorijiy mahsulotlarga boʻlgan talab va taklif boʻyicha maʼlumotlar taqdim etildi.

B2B shaklidagi muloqotda ishtirokchilar turli sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qildi. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan Germaniya Savdo-sanoat assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik haqida bitim imzolandi.

Biznes doiralar vakillari uchun qulay muloqot maydoniga aylangan anjumanda Germaniyaning “Deutsche Bank”, “Commerzbank”, “Landesbank”, “KfW”, “AKA Bank” kabi banklari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʻzbekiston tijorat banklari oʻrtasida Oʻzbekistondagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kredit mablagʻlari ajratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Forum yakunlari boʻyicha neft-gaz, neft-kimyo, energetika, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mehmonxona qurilishi, investitsion-texnologik, bank-moliya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga oid qiymati 4 milliard AQSh dollaridan ziyod istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 20-22-yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida boʻladi.

Germaniya poytaxti Berlin shahrida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar oʻtkaziladi.