Tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi

0
37
marta oʻqilgan

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni tilanchilik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 30-noyabrda qabul qilinib, Senat tomonidan 13 dekabrda tasdiqlangan edi.

Foto: Sputnik

Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, bekatlarda, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros ob’ektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish tilanchilik sifatida belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 188−3-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish esa eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 127−1-modda tilanchilik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini ko‘zda tutadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan shaxslarni jalb etgan holda tilanchilik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tilanchilikka jalb etish takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bungacha Ma’muriy javobgarlik va Jinoyat kodekslarida faqatgina voyaga yetmaganlarni tilanchilikka jalb etganlik uchun chora mavjud edi.

Ichki ishlar vazirligi 2018 yilda Toshkentda tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi 5000 dan ortiq kishi aniqlanganini ma’lum qilgan edi. Ular reabilitatsiya markazlariga yuborilgan. Tilanchilik bilan shug‘ullanganlarning 4000 dan ortig‘ini ayollar, jumladan 3000 mingini esa yosh bolalilar, shuningdek 500 nafarini keksa yoshdagilar, 100 nafarini esa nogiron erkaklar tashkil etgan.