Ilhom Ne’matov: TIV Shavkat Mirziyoyev topshirigʻini toʻliq bajaradi

0

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yil boshida oʻtkazilgan ilk yigʻilish joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlandi, deb yozadi “Sputnik“.

Foto: Sputnik

Ushbu videoselektordan soʻng Xalqaro Press Klubda “Investitsiya – iqtisodiyot drayveri, uning yuragi: islohotlar, muhim vazifalar va muammolar tahlili” mavzusida dastur toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi va unda Oʻzbekiston TIV rahbarining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov vazirlik joriy yil prezident tomonidan qoʻyilgan topshiriqni qanday bajarishi toʻgʻrisida soʻzladi.

Vazir oʻrinbosarining aytishicha, tashqi ishlar vazirligi elchixonalar bilan birgalikda 2019-yilda aniq reja, yaʼni Oʻzbekistonga sarmoya olib kirishga qaratilgan yoʻl xaritalarini ishlab chiqqan. Ushbu yoʻl xaritalarida asosiy eʼtibor energetika, yengil sanoat, maishiy xizmat, taʼlim, maktabgacha taʼlim hamda sogʻliqni saqlash sohalariga qaratilgan.

Bundan tashqari, tashqi ishlar vazirligi hozirgi kunda “iqtisodiy diplomatiya”ni kuchaytirish boʻyicha ham ish rejalar ustida ishlamoqda.

“Oʻzbekistonga oʻtgan yil 2 mlrd 700 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya olib kirgan boʻlsak, bu yil bizning oldimizga 4 mlrd 200 million dollarlik investitsiya olib kirish vazifasi turibdi. Davlat investitsiya qoʻmitasi, tashqi savdo vazirligi va Oʻzbekistonning boshqa iqtisodiy tuzilmalari bilan ishlab chiqqan yoʻl xaritasiga koʻra mana shu 4 milliarddan ziyod investitsiyalarni olib kelishga harakat qilamiz. Albatta, juda katta, lekin egallasa boʻladigan marra”, – deb vaʼda berdi Neʼmatov.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentga murojaatida 2019-yilni “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilar ekan, “hech qaysi davlat investitsiyani rivojlantirmasdan, hech qanday natijaga erishmaydi. Eng murakkab yoʻl – bu investitsiya jozibardorligini sarmoyadorlarga yetkazish boʻyicha katta ishlarni qilishimiz kerak. Muhitni yaratmas ekanmiz, oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisholmaymiz”, degan edi.