Oʻquvchilarga dars paytida telefondan foydalanishga ruxsat berilishi taklif qilinmoqda

0

Pedagogika fanlari nomzodi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining filologiya fakulteti dotsenti Shahlo Yoʻldosheva dars jarayonida mobil telefonlardan foydalanishni va mobil telefonlar hamda turli gadjetlarni maqsadli qoʻllashni tezlashtirishni taklif qilmoqda. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi saytida tegishli xabar Yesimxan Kanaatov tomonidan eʼlon qilindi.

Foto: NEA Today

Maqolada aytilishicha, mamlakatning iqtisodiy hayoti, barcha sohalarga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish boʻyicha islohotlar va ilgʻor texnologiyalar, tabiiyki, taʼlim sohasini chetlab oʻtishi mumkin emas. Aksincha raqamli iqtisodiyot asosini kadrlar va taʼlim tashkil qiladi.

«Shunday ekan, raqamli Oʻzbekiston kelajagi hozirda maktab partasida oʻtirgan bolalarimiz, yoshlarimiz qoʻlidadir. Albatta, ular raqamli iqtisodiyotni boshqara oladigan, taraqqiy ettiradigan darajada sifatli va zamonaviy bilimga ega boʻlsa, kelajagimiz buyuk boʻladi, raqamli Oʻzbekiston xavfsizligi taʼminlanadi

«Mutaxassislar taʼkidlayotganidek, nafaqat informatika, balki umumtaʼlim maktablari oʻquv rejasidagi barcha fanlarni oʻqitishda raqamli texnologiyalarni tatbiq qilishni jadallashtirish uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan rejalarning roʻyobga chiqish surʼatini oshiradi.

Shuningdek, maʼrifatning, taraqqiyotning muxoliflari boʻlgani, har qanday yangilikni joriy qilishda qarshiliklar, ziddiyatlarga duch kelingani kabi raqamli texnologiyalarni taʼlimga olib kirishda ham bir-birini istisno qilayotgan holatlar koʻzga tashlanadi. Jumladan, raqamli taʼlimni joriy qilishda bu yaqqol namoyon boʻlmoqda:

1. Raqamli texnologiyalarni taʼlimning quyi boʻgʻinlaridan boshlab tatbiq qilishga taʼlim muassasalari, xususan, maktablarning moddiy taʼminoti javob bera olmasligi.

2. Fan oʻqituvchilarining raqamli texnologiyalarni taʼlim jarayoniga olib kirishdan koʻra anʼanaviylikni qulay va oson deb hisoblashi.

3. Umumtaʼlim fanlaridan elektron adabiyotlarning yetarli emasligi.

4. Kompyuter va turli gadjetlarning inson salomatligi, ruhiyatiga salbiy taʼsiri, oʻquvchilarning mediamadaniyati, “teleavlod” tushunchasi kabilar», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, multimedia vositalari bilan maktablarni toʻliq jihozlashni qoʻl qovushtirib kutib oʻtirishning hojati yoʻq. Aslida bu ishni toʻla yakunlash imkonsiz ham. Qolaversa, kompyuter texnologiyalari va raqamli texnologiyalar kun sayin yangilanmoqda, takomillashmoqda.

«Shuning uchun aksariyat mamlakatlarda qoʻllanilayotganligi kabi oʻquvchilarning gadjetlaridan foydalanish tajribasini qoʻllash mumkin. Afsuski, oʻquvchilarning qoʻl telefonlaridan foydalanish taʼlim muassasasi hududida, ayniqsa, dars jarayonida taqiqlanishi boʻyicha tegishli vazirliklarning buyruqlari bunga monelik qiladi.

“Aksariyat hollarda anʼanaviy metodikaning oʻzi nooʻrin foydalanilganligi, bu holat esa deyarli ʻzanglaganʻ oʻqitish metodikasini paydo qilganligini ham tan olish kerak. Avvalo, ʻzanglaganʻ metodikani ʻyarqiratish, jilolantirishʻ, uning afzalliklarini qayta namoyon qilish, ikkinchidan, pedagogik va raqamli texnologiyalarga murojaat qilish zarur”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, internetda rus tilini oʻrganish uchun yaratilgan elektron lugʻatlar, videodarslar, elektron daftarlar, mobil ilovalar bor.

“Uzluksiz taʼlim tizimi taʼlimning sifat darajasini yuqori koʻtarishdek mashaqqatli davrni boshidan kechirmoqda. Buni amalga oshirishda anʼanaviy taʼlim va raqamli texnologiyalarni aralash qoʻllash oʻz hayotini buyruq va koʻrsatmalar asosida emas, balki oʻz tafakkuri va yurak amriga koʻra qura oladigan yoshlarga taʼlim-tarbiya berish vositasiga aylanishi muqarrar”, — deya soʻzlariga yakun yasaydi muallif.

Oʻzbekiston taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilarga telefonini boʻyniga osib olish, koʻkrak choʻntaklarida, shim, yubkalari choʻntaklarida va shu kabilarda saqlash, telefon orqali soʻzlashish hamda SMS (MMS) va boshqa turdagi xabarlarni joʻnatish qatʼiyan taqiqlanadi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting