Zeromaxʼning sobiq rahbari Mirodil Jalolov qamoqdan chiqarildi

0

Zeromax shirkatining sobiq bosh ijrochi direktori 53 yashar Mirodil Jalolov 8-yanvar kuni ozod qilinib, Toshkentdagi uyiga keldi.

Foto: Uz24.uz

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi Jalolovga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasini bekor qilib, sud zalidan ozod qilgan.

Ayni paytda sud oʻz hukmi bilan Mirodil Jalolovni aybli deb topib jarimaga tortgan:

M. Jalolov JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi¸ 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari va 228- moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga 17 687 040 soʻm jarima jazosi tayinlangan.

2010-yil hibsga olingan Jalolov ishi 2017 yilning 4 yanvarida koʻrib chiqilgan edi.

2017-yilgi sud ajrimida Mirodil Jalolovga “jinoyat ishi boʻyicha yetkazilgan zararni qoplash uchun vaqt” berilgani alohida taʼkidlangandi.

Biroq zararni qoplay olmaganidan soʻng, Mirodil Jalolovni mart oyida yana qamoqqa olingan edi.