“O‘lan” – “Turon”ning qadimiy qo‘shig‘i

0

“Oʻlan” musiqali dramasi yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Oʻlan” hikoyasi asosida sahnalashtirilgan. Sahnalashtiruvchi rejissor Sayfiddin Meliyev. Spektaklda oʻzbek xalq qoʻshiqlari – oʻlan, lapar, marsiyalardan unumli foydalanilgan. Bundan tashqari rejissorning yutugʻi shundaki, u shoirlar Saida Zunnunova, Usmon Azim sheʼrlariga kuy bastalab, unga sayqal berib spektaklning mohiyatiga singdirib yuborgan.

Spektakl voqeasi nabirasining nikoh to‘yi arafasida xastalanib “to‘ridan ko‘ra go‘ri yaqinlashib” qolgan, biroq to‘y buzilmasligi uchun buni farzandlariga sezdirmaslikka urinayotgan keksa momoning holati, uning atrofida girgiton bo‘layotgan o‘g‘illari-yu, kelinlari, o‘zbeklarga xos milliy urf-odatlarimiz hamda qadriyatlarimiz xususida.

Hovlida to‘y. Kampirning uch o‘g‘li va ikki kelini, qizi bor. Farzandlarining barchasi uylik-joylik, el-yurtning yuqori nazaridagi odamlar, faqat kenja o‘g‘ilninggina hayotda va shaxsiy turmushida ishi yurishmagan. Umr safari tugayotganligini sezgan kayvoni momo katta o‘g‘illariga boqib bir quvonsa, kenja o‘g‘liga qarab o‘n kuyunadi. Farzandlari va kelinlari to‘yning shirin tashvishlari bilan kuymalanib yurgan paytda farzandlarning onaizori bilan bo‘ladigan suhbat jarayonida ularning dunyoqarashi, fe’l-atvori bir-biridan farqli ekanligi namoyon bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, turli xarakterlarni birlashtirib turuvchi kuch sifatida momo ularni birlashtirib turadi. Aktrisa Elmira Rahimjonova keksa momoning ruhiy olamiga tomoshabinni goh hazin, goh o‘ktam ovozi bilan olib kira olgan.

Kampir nabirasining to‘yida O‘lan aytishi kerak, biroq va’dasining ustidan chiqa olmaydi. Bu ishni vasiyat qilib meros sifatida qiziga topshiradi, ya’ni avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan urf-odatlar zanjirining yana bir halqasi navbatdagi yangi avlod halqasiga ulanadi. Spektaklning “O‘lan” deb nomlanishida ham ramziy ma’no bor. “O‘lan” millatning millat ekanligini o‘zida namoyon etgan hayot qo‘shig‘i, o‘zlik qo‘shig‘idir.

Spektaklda rollarni Elmira Rahimjonova (momo) Barno Qodirova, Davron Kaunboyev (katta o‘g‘il), Elmurod Shodiyev (o‘rtancha o‘g‘il), Asilbek Eshonov (kenja o‘g‘il), Feruza Sobitova (katta kelin), Zilola Haqberdiyeva (o‘rtancha kelin), Gulxumor Abdullayeva (momoning qizi), Erkin Bozorov (kuyov), Dilshoda Jo‘rayeva (kelinchak) rollarni mahorat bilan ijro etishgan.

Spektaklda “dabdababozlik” bilan to‘ylarni o‘tkazish masalasi ham ko‘tarib chiqilgan va bundan xulosa chiqarish tomoshabin e’tiboriga havola qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoshidagi “TURON” teatr-studiyasi rahbari Sayfiddin Meliyev spektakldan so‘ng biz bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda quyidagilarni ta’kidladi: “Azim chinorning salobati va bo‘y-basti uning yerga chuqur qadalgan ildizlariga bog‘liq. “Turon” teatr-studiyamiz 2015-yilda tashkil topgan, 2016-yildan boshlab Mudofaa vazirligi qaramog‘ida faoliyat olib bormoqda. Studiyamizning pirovard maqsadi – boy tariximiz, ulkan madaniy merosimiz, qadriyatlarimizni sahna asarlari orqali tomoshabinlarimizga yetkazish. Barcha spektakllarimiz jarayonida aktyorlarimiz tomoshabin bilan yuzma-yuz muloqotga kirishadi. Tomoshabinga yaqin bo‘lish uchun ham spektakllarimizni baland sahnadan turib emas, tomoshabinga judayam yaqin masofadan yetkazishga harakat qilamiz. Teatr-studiyamiz tashkil topganidan buyon “To‘maris”, “Bibixonim”, “Jaloliddin Manguberdi” kabi tarixiy dramalarni, Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida sahnalashtirilgan spektaklimizni, Jamila Ergasheva asari asosida sahnalashtirilgan “Bir kunlik baxt” melodramasini tomoshabinlarimiz e’tiboriga havola qildik. Spektaklga xolis bahoni esa vaqt va tomoshabin beradi. Niyatimiz tomoshabinlarimizning madaniy didini yuksaltirishdir. Teatr-studiyamizning Facebook, Telegramm ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasi bor. Teatrimizga Germaniya, AQSh, Angliya, Hindistondan ham bir qancha tomoshabinlar kelib tomoshalarimizni o‘zbek tilida ko‘rib ketishdi hamda samimiy mulohazalarini qoldirishdi”.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting