Zafar Hoshimov: Soliq olishning yangi tartibiga qaramay, chakana savdodagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan

0

Tarkibida QQS narxi qayd etilgan kassa cheklari ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarning markazida turdi. Koʻpchilik foydalanuvchilar shoshma-shosharlik bilan buni narxlarning ustiga yana 20 foiz qoʻshilishi, deb xulosa chiqardi. Bu haqda tadbirkor Zafar Hoshimov fikr yuritgan.

Foto: Daryo.uz

Xarid cheklarimiz mazkur virtual muhokamalarda qayd etilmaganiga qaramasdan (tarmog‘imiz do‘konlari kecha ishlamadi, xodimlarimizga bir kunlik hordiq berdik. Buning ustiga mahsulotlarning narxlari tarkibidagi QQS ko‘rsatilgan qatorni hali cheklarimizda joriy etmadik), chakana savdodagi hamkasblarimiz himoyasi uchun bir qancha omillarni keltirishni lozim topdim.

Cheklarni ko‘rib, shaxsan o‘zim shahrimizdagi bir qancha supermarketlarni (bizning supermarketlarimiz ishlamaganini yana bir bor yodga solsam) aylanib chiqdim.

Xarid qilib, chek hamda narx yorliqlaridagi narxlarni tekshirdim. Cheklarda QQS bilan birgalikda inobatga olingan narxlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, mahsulotlarning umumiy qiymati, shu jumladan, QQS ham bir tiyinga oshmagan edi. Xaridorlarning o‘zlari ham bunga osongina ishonch hosil qilishlari mumkin.

Barcha narx yorliqlarida narx o‘rnatilgan sana mavjud. Shu tahlit, peshtaxtalarda narxi bilan ko‘rsatilgan ushbu mahsulotlarning barchasi oktyabr, noyabr va dekabr sanalarida qayd etilgan. Men sanalar bilan birga ko‘rsatilgan yuzdan ortiq narx yorliqlarini ko‘zdan kechirdim. Chakana savdoda narxlar o‘smaganiga amin bo‘ldim.

Ehtimol ushbu so‘zlarim ayrim xaridorlarimiz uchun birmuncha yangilik bo‘lar, ammo xohlaysizmi, yo‘qmi, o‘zimizga ma’lum yoki noma’lummi, barchamiz tomonimizdan xarid qilinadigan mahsulotlarning narxlari tarkibida soliqlar bor.

Soliqlarning miqdori hamda ustamalarining cheklarda paydo bo‘lishi mahsulotlar narxlarining tarkibidagi soliqlarning namoyish etilishidan boshqa narsa emas. Bu esa juda ijobiy holat, deb o‘ylayman.

Biz avval ham ushbu va boshqa shu kabi soliqlarni to‘lab kelganmiz. Ilk marta mazkur jarayon shaffof va ochiq namoyon etilmoqda, bu ulkan taraqqiyot.

Shaxsan men uchun bu talvasa yoki jazavaga tushish uchun sabab emas, balki xushxabardir. Yana bir bor ta’kidlayman, soliq olishning yangi tartibi joriy etilganiga qaramasdan, chakana savdodagi narxlar o‘zgarishsiz qolgan.

Biz har yili tarmog‘imizda “korzinka.uz” indeksini hisoblaymiz. Buning uchun biz tarmog‘imizda sotiladigan barcha mahsulotlarning o‘rtacha me’yoriy narxini olamiz va o‘tgan yildagi narxi bilan solishtiramiz. Shu tarzda mazkur narx indeksi o‘tgan yilda 11,4 foizni tashkil qildi. Ya’ni, mamlakatdagi o‘rtacha inflyatsiya indeksidan ham kamroq.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, davlat 17-18 foiz atrofidagi nisbatan ko‘proq inflyatsiyani kutgan ekan. Lekin, aynan bozordagi raqobat o‘sishi, xo‘jalik subyektlarining konvertatsiyaga bo‘lgan talabining bir xilda qondirilishi va iste’mol bozorining mahsulotlar bilan to‘ldirilishi inflyatsiyani 15 foiz atrofida ushlab qolishga olib keldi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting