O‘zbekiston va Fransiya TIVlari o‘rtasida Hamkorlik dasturi imzolandi

0


2017-yilning 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Fransiya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jan-Mark Ero bilan uchrashdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, harbiy-texnik, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Fransiya tashqi ishlar vazirlari doimiy uchrashuvlari hamda boshqa darajadagi aloqalar davlatlararo hamkorlikni o‘zaro manfaatli asosda izchillik bilan chuqurlashtirishga, shuningdek, biznes doiralari, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari hamda madaniyat va san’at arboblari bilan almashinuvlarni kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Suhbat davomida ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida vazirlar tomonidan O‘zbekiston va Fransiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.