Kiyev Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni eʼlon qildi

0

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa Kengashining 26-dekabr kungi majlisida Rossiyadagi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qoʻshimcha sanksiyalar joriy etildi.

Foto: Unian

Kengash tomonidan tarqatilgan xabarda maʼlum qilinishicha, cheklovlar «Ukrainaga qarshi tajaavuzkorona harakatlarni faol qoʻllab-quvvatlagan va hayrihoh boʻlgan Rossiya kompaniyalari, biznesmenlari, siyosatchilari va deputatlari, kuch ishlatish salohiyatiga ega idoralarining xodimlariga” nisbatan qoʻllaniladi. Toʻldirilgan yangi roʻyxat yaqin bir necha kun mobaynida eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Vaqtincha bosib olingan hududlar masalalari boʻyicha vazirlik maʼlumotlariga qaraganda, yangi sanksiyalar vaqtincha bosib olingan hududlardagi Rossiya mudofaa sanaot majmuasiga tegishli 14ta korxonaga; Rossiya korxonalari va Qrimdagi Armyansk “Titanoviye investitsii” kompaniyasi faoliyatini taʼminlovchi Yevropa korxonalariga, shuningdek Kerch boʻgʻozi orqali Qrimni Taman bilan bogʻlovchi transport koʻprigini qurgan tadbikorlarga nisbatan qoʻllaniladi.

25-dekabr kuni Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Ukraina jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan iqtisodiy choralarni cheklash toʻgʻrisidagi maxsus farmoyishni imzoladi. Sanksiyalar qoʻllaniladigan toʻldirilgan roʻyxatga 567 nafar jismoniy va 75 ta yuridik shaxs kiritildi.