Germaniya TIV Suriyadan AQSh harbiylarning olib chiqilishidan tashvishga tushdi

0

Suriyadan AQSh harbiylarining olib chiqilishi “Islom Davlati” terror guruhiga qarshi kurashga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu haqda 20-dekabr kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bayonot berdi.

Uning taʼkidlashicha, Oq uyning qarori GFR xukumatini hayron qoldirdi. Germaniya TIV rahbarning taʼkidlashicha, Suriyada islomchilarning mavqeyi jiddiy kuchsizlangan. Biroq, vazirning soʻzlariga koʻra, qoʻlga kiritilgan yutuqlar endilikda xavf ostida qolmoqda.

Bundan avval Fransiya hukumati bayonot berib, Suriyadagi oʻz harbiylarini olib chiqish niyatida emasligini bildirgan edi. Bu haqda Cnews telekanali orqali Yevropa ishlari boʻyicha vazir Natali Luazo maʼlum qildi. Vazir besh kishining oʻlimiga sabab boʻlgan Strasburgda yuz bergan teraktni misol sifatida keltirar ekan, “terrorizmga qarshi kurash nihoyasiga yetmaganini” taʼkidladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham vaziyatdan xavotirda ekanligini aytdi.

Suriyadan harbiylarni olib chiqilishi borasida chorshanba kuni Oq uy vakili Sara Sanders eʼlon qildi. Vashington harbiylarni 60 kundan 100 kun oraligʻida olib chiqishni rejalashtirmoqda. Mintaqada ikki mingdan ortiq amerikalik askar bor. Qoʻshinlarni olib chiqishga bagʻishlangan videomurojaatda, AQSh prezidenti Donald Tramp xalqaro harbiy koalitsiya “Islom Davlati” ustidan gʻalaba qozonganini aytdi.

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Suriyadagi radikal islomchilarga qarshi kurashni 2014-yilda boshlagan edi. Koalitsiya Suriya demokratik muxolifatini qoʻllab-quvvatlaydi.