“Turon”, “Sarvqomat dilbarim”: uch aktyor va olti tomoshabin

0

Tomosha boshlandi. Sahnada uch aktyor, zalda olti nafar tomoshabin. Xunuk manzara, shunday emasmi? Bu haqda sal keyinroq.

Foto: Korrespondent.uz

“Turon“ teatr studiyasi yangi spektaklni taqdim etdi. Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim“ asari asosida shu nomli spektakl. Aytmatov asarlariga koʻp bora murojaat qilingan. Sahna va ekrandagi har bir talqin oʻziga xos. Har bir rejissor yangi kashfiyot qila olgan. Yaxshi asarning kuchi ham shunda. “Turon“chilar ham oʻzgacha yoʻldan borishgan. Monospektakl uslubidagi dramada voqealar Asal, Ilyos va Hadicha atrofida roʻy beradi. Tomosha oldidan asarning oldingi variantlari koʻz oldingizga kelishi tabbiy. Aktyorlar ijrosida “koʻchib yuruvchi“ qaysidir harakat takrorlanmasmikan, degan oʻy ham boʻladi.

Oʻzgacha dekoratsiyasini koʻrib bularning bari tarqab, yangi olamga kirasiz. Teatrlarimizda soʻnggi yillarda yaratilayotgan baʼzi asarlarda “tomoshabinga yoqish epidemiyasi“ seziladi. Muxlislarni kuldirish uchun klassik asarlarga ham zoʻrma-zoʻraki “zamonaviy delallar, luqmalar“ olib kiriladi. “Sarvqomat dilbarim“da esa kimgadir yoqish, yaxshi koʻrinish uchun teatrning asl qoidalari zid borish yoʻq. Asarda kimnidir oq, kimnidir qora koʻrsatishdek joʻn yoʻldan borilmagan. Muallif oʻz nazarda tutganidek, syujet qizil durracha liniyasida. Har uchala qahramonning oʻz yoʻli, oʻz hissiyoti va oʻz haqiqatlari bor. Shu bois xulosalarini ham tabbiy qabul qilasiz.

Zaldagi siyrak tomoshabinning har biri spektakl haqida oʻz fikriga ega albatta. Sovuq sahnadagi ijro aktyorlarga oson boʻlmasligini hamma biladi. Boʻm-boʻsh oʻrindiqlar esa ularga halal bermadi. Zalda bir kishi boʻlsa ham faqat u uchun yurakdan ijod qila oladigan jamoani koʻrdik.

Soʻnggi paytlarda “maʼnaviyat“ soʻzi atrofida bahs-munozaralar (baʼzan foydasiz janjallar), ancha “maʼnaviyat himoyachilari“, “M“dan boshlanuvchi koʻplab tashkilotlarning bong urishlari koʻpaygandek. Ammo boʻshab yotgan oʻrindiqlar bu chiqishlar foydasiz boʻlayotganini koʻrsatib turibdi. Televideniye tok-shoularidagi “kerak-kerak“lar amalda oʻz ifodasini topmas ekan, mutasaddilar balandparvoz intervyularni kamaytirib, ishlashni boshlamas ekan umidsizlik davom etaveradi.

… Sahna esa Hayot davom etmoqda!

Farhod Umarov