O‘zbekiston raqobat qo‘mitasi Ucell’ning 100 % ulushini sotib olishi sababini tushuntirdi

0

Oʻzbekiston xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Telia Company kompaniyasidan Ucell mobil operatorining 100 foizli ulushini sotib olganligiga izoh berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Foto: UzDaily.uz

— Nima uchun Davlat raqobat qo‘mitasi Ucell ulushini sotib oldi? Qo‘mita tomonidan tijorat obyektini sotib olish jarayonida qanday hujjatlar talab qilinadi?

— “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 4-moddasiga muvofiq, mulkdor o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra hamda o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor o‘z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo‘lmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli.

Davlat raqobat qo‘mitasi davlat mulklarini boshqarish sohasida davlat boshqaruv organi hisoblanib, ungan yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun aksiyadorlik jamiyatlari, boshqa xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari aksiyalarini (ulushlari, paylari) sotib olish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 354-moddasida fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkin ekani belgilangan.

Coscom MChJ XK muassislari ularga tegishli ulushni Davlat raqobat qo‘mitasiga sotishga qaror qilgani hisobga olib, Coscom MChJ XK ustav kapitalidagi ulush oldi-berdisi to‘g‘risidagi shartnoma tomonlarning o‘zaro kelishuvi bo‘yicha tuzildi.

— Shartnoma summasi qanday aniqlanadi va unga nimalar kiradi?

— O‘zbekiston xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Coscom MChJ XKdagi 100 foizlik ulushni 215 million AQSh dollariga sotib oldi.

Shartnoma summasi sotuvchilar tomonidan aniqlandi va taklif qilinib, qo‘mita tomonidan qabul qilindi, uning tarkibiga Coscom MChJ XK aktivlari va passivlari kiradi.

— Ucell mobil operatorining kelgusi taqdiri qanday bo‘ladi? Kompaniya yaqin vaqtlarda xususiylashtiriladimi? Agarda xususiylashtirilsa, qanday shartlar asosida amalga oshiriladi?

— Qonunchilikka muvofiq, xususiylashtirish masalasi tashabbuskor tomonidan belgilangan tartibda ariza berilgan taqdirda ko‘rib chiqiladi. Biroq ayni vaqtda talabnomalar yo‘q.

Davlat ulushini sotish muddatlari va shartlarini sotuvchi belgilaydi. O‘zbekiston prezidenti, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan boshqa muddat va shartlar o‘rnatilishi mumkin.