“Karimov Fondi” Bobur Ismoilov ijodiga bagʻishlangan “Narrativlar“ nomli koʻrgazmani taqdim etmoqda

0

Ibodatxona qalb allegoriyasi sifatida, Amazonka siymosi himoyachi ona va erkinlik ramzi, tasavvuf anʼanalaridan namunalar, syurrealistik syujetlar – taniqli oʻzbek rassomi Bobur Ismoilovning yangi ijodiy asarlarini oʻz koʻzingiz bilan koʻrgan afzal.

Foto: Islom Karimov Fondi

Karimov Fondi yangi koʻrgazma loyihasi – Bobur Ismoilov ijodiga bagʻishlangan “Narrativlar“ nomli koʻrgazmani taqdim etadi. Tasviriy sanʼat shinavandalari 10–27-dekabr kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida rassom ijodi bilan tanishishlari mumkin. Koʻrgazmada Bobur Ismoilovning 50dan ortiq asarlari namoyish etilgan.

Oʻzbekiston zamonaviy tasviriy sanʼatining yorqin namoyandalaridan biri boʻlmish Bobur Ismoilov oʻzining falsafiy asarlari bilan inson qalb dunyosi qirralarini ochib beruvchi asarlarni yartagan musavvirdir.

Foto: Islom Karimov Fondi

Uning har bir asarini spektakl sahnasi yohud oq-qora kino lavhasiga qiyoslash mumkin. Badiiy tasvirlarning aynan hikoya uslubiga mansubligi koʻrgazma mavzusini belgilab berdi.

“Narrativ” soʻzi (lotincha narrare – soʻzlab berish, hioya qilish) adabiy termin boʻlib, soʻz yordamida ifoda etish maʼnosini anglatadi. Tasviriy sanʼatda narrativ soʻzi vizual obrazlar yordamida hikoya qilish demakdir.

Foto: Islom Karimov Fondi

Koʻrgazmada namoyish etilgan “narrativlar”ning ifodali hikoyalari muayyan syujet bilan emas, balki yagona uslub bilan oʻzaro bogʻliq. Ularni oq-qora uslubda ishlanganligi, detallar va kompozitsiyalarning moʻl emasligi birlashtiradi. Bu esa, oʻz navbatida, eʼtiborni asardagi asosiy detalga qaratib, aniq va ifodali jihatlarni ilgʻay olish imkonini beradi.
Bobur Ismoilov ijodiga bagʻishlangan koʻrgazmalar AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya va Fransiyada oʻtkazilgan.

Foto: Islom Karimov Fondi

Oʻzbekiston zamonaviy tasviriy sanʼati maktablari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ularni rivojlantirish Fond faoliyatining muhim yoʻnalishlaridandir. Bu borada sanʼat ustalarining eng yaxshi asarlarini jamlash, yurtimiz va xorijda oʻzbek ijodkorlari koʻrgazmalarini tashkil etish hamda boshqa maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Foto: Islom Karimov Fondi

Koʻrgazma 10–30-dekabr kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida boʻlib oʻtmoqda. Manzil: Toshkent sh., Istiqbol koʻchasi, 4 uy. Ish vaqti har kuni, soat 10.00dan – 17.00gacha (dushanba – dam olish kuni).

Nigora Umarova

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting