Poytaxtda prezident soʻzboshi bilan chiqqan ilk ”Aqlli Kitob” namoyish etiladi

0

10-11-dekabr kunlari Oʻzbekistonda “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining 2018-yil yakunlari va “Yoʻl xaritasi-2019“ni ishlab chiqishga bagʻishlangan xalqaro multimedia forumi boʻlib oʻtadi.

Foto: Sherzod Ikramutdinov

Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan ushbu nufuzli anjumanda mamlakatimizdan va dunyoning turli mamlakatlaridan 300 dan ortiq olimlar, mutaxassislar, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Bu galgi forumda “Oʻzbekiston madaniy merosi – dunyo toʻplamlarida” loyihasi doirasida chop etilgan kitoblarning yangi 10 jildi taqdim etiladi.

Kitob-albomlardan biri “Oʻzbekiston madaniy merosi – Germaniya toʻplamlarida” deb nomlanadi.

Foto: Sherzod Ikramutdinov

– Mazkur kitob-albomning boshqalardan farqli jihati – u muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yozgan soʻzboshi bilan chop etilmoqda, – deydi “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasining rahbari Firdavs Abduxoliqov. – Oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi ushbu kitobda Germaniya Federativ Respublikasining bir qator kutubxonalari va muzeylarida saqlanayotgan Oʻzbekiston madaniy merosi namunalari haqida hikoya qilinadi.

Foto: Sherzod Ikramutdinov

Kitobning yana bir oʻziga xos xususiyati uning mamlakatimizda jonli effektlar bilan bezatilgan ilk bosma nashr ekanligidir. Firdavs Abduxoliqovning aytishicha, bu zamoniviy telekommunikatsiya va aloqa vositalariga oʻta darajada berilib ketgan yoshlarni kitobga qaytarishda oʻziga xos yondashuv boʻlishi mumkin.

Zamoniviy poligrafiya sanʼatining barcha yutuqlarini oʻzida aks ettirgan bu kitob orqali undagi mavzular haqida smartfonlardagi NazzAR ilovasi yordamida qoʻshimcha videomaʼlumotlar olish mumkin. Buning uchun dastlab ilovani yuklab olish, keyin smartfon kamerasini kitobdagi tegishli suratga qaratish kerak boʻladi. Faqat, smartfonni shunday ushlab turish kerakki, belgilangan surat ekranda toʻliq aks etsin. Shundan soʻng, mazkur suratdagi tasvirlangan manzaralar bilan interaktiv rejimda tanishish imkoniyati yuzaga keladi.

Foto: Sherzod Ikramutdinov

Mazkur “aqlli kitob” bilan forum ishtirokchilari 11-dekabr kuni oʻtkaziladigan taqdimot marosimida tanishishlari mumkin. Shuningdek, bu kitob-albom taqdimoti 2019-yilning boshlarida Germaniyada ham oʻtkaziladi.