Samarqandda qaynonasini vahshiylarcha o‘ldirgan kelin 12 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

0

Shu yilning yoz oylarida samarqandlik 36 yoshli ayolning qaynonasini pichoqlab oʻldirgani haqida xabar berilgan edi. “Daryo.uz”ning yozishicha, unga nisbatan sud hukmi oʻqilib, u 12 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Foto: “Daryo”

Xabarda aytilishicha, ayol kishining bunday jinoyatga qoʻl urishi har qanday kishini larzaga soladi. Ayniqsa, jinoyat sodir etgandan soʻng ham u bu qilmishini ustomonlik bilan yashirishga urinishi kishida bu ayolga nisbatan nafrat uygʻotadi.

U bu xonadonga kelin boʻlib tushganidan beri, yaʼni 2006-yildan qaynonasi bilan birga istiqomat qilgan. Oilada kelishmovchiliklar boʻlgan. Qaynona hovlining yarmini sotib, uni qiziga rasmiylashtirib bergach, oʻrtada oʻzaro nizolar avj olgan. Ammo guvohlar fikriga tayanadigan boʻlsak, qaynona oʻgʻlini va kelinini bu hovlidan chiqarib yuborish niyatida boʻlmagan. Oʻzaro kelishmovchilik esa davom etavergan.

Shunday kunlarning birida qulay fursatni poylab, uyda hech kim yoʻqligidan foydalangan kelin qaynonasiga ketma-ket pichoq sanchadi. Qiziq, u pichoq sanchayotganda turmush oʻrtogʻining onasiga emas, balki oʻz hayotiga ham zomin boʻlayotgani, jajji qorakoʻzlari, oilasini ham parokanda qilayotganini oʻylaganmikan? Nazarimda, oʻylamagan. Sababi, qaynonasini oʻldirgandan soʻnggi xatti-harakatlari bunday oʻylashga izn bermaydi. U goʻyo mohir jinoyatchiday murdani plyonkaga oʻrab, yertoʻlaga tushirishga harakat qiladi. Yana ham dahshatlisi, bu ishni amalga oshirish uchun voyaga yetmagan, hali 12 yoshga kirmagan oʻgʻillaridan yordam soʻraydi.

Buvisining murdasini koʻrib, qoʻrqqan bolakaylar onasiga yordam berishdan bosh tortadi. Onasi esa bu gapni hech kimga aytmaslikni ularga qattiq tayinlaydi. Uyiga turmush oʻrtogʻi kirib kelganda ham goʻyo hech narsa boʻlmaganday oʻzini tutadi. Qaynonasini esa uzoqroq qarindoshlarinikiga mehmondorchilikka ketganini kiprik qoqmay aytadi.

Oradan uch-toʻrt kun oʻtgach, kelin yertoʻladagi murdani bu yerdan chiqarib tashlash kerakligi haqida reja tuzadi. Koʻchadagi taksi haydovchilaridan birining raqamini olib, uyida taʼmirlash ishlari olib borayotganini, shuning uchun baʼzi narsalarini qarindoshinikiga olib borishi kerakligini aytib, gilam orasiga oʻralgan murdani mashina yukxonasiga joylashtiradi. Siyob kanaliga yaqin joyda mashinani toʻxtatib, narsalarini tushirib qoladi. U yogʻiga oʻgʻli bilan bir amallab, murdani suvga oqizib yuboradi. Goʻyo shu suvda gunohlarini ham oqizib yuborganday yengil tortadi. Ammo bunday mudhish jinoyat hech qachon izsiz ketmasligini u anglamagan, bir inson ignaday yoʻqolib qolishi mumkin emasligini xayoliga keltirmagan edi.

Bu orada turmush oʻrtogʻi, qaynopasi onasidan xavotir olib, qarindoshlariga qoʻngʻiroq qilayotgan, onasini shifoxonalar-u borishi mumkin boʻlgan barcha joydan qidirishga tushgandi. Natija boʻlmagach, ichki ishlar idoralariga murojaat qilishiga toʻgʻri keladi. Ichki ishlar idoralari xodimlari oʻz navbatida ularni suvda topilgan jasad bilan yuzlashtiradilar…

Kelinning qilmishlari fosh boʻldi, unga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Ikki farzandning onasi, gulday oilaning bir bekasi mudhish jinoyati uchun oʻn ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting