Farg‘onada 73 nafar mijozni 9 mlrd so‘mga aldagan avtosalon xodimi 9 yilga qamaldi

0

Farg‘onada avtomobil xarid qilishda yordam berishni taklif qilgan firibgar o‘z qurbonlari ishonchiga kirib, ularning 9 milliard 329 million so‘mini o‘zlashtirdi. Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi, deya xabar berdi “UzNews”.

Foto: O‘zA

“Farg‘ona avto savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ombor mudiri vazifasida ishlagan I.Telyabayev 73 nafar fuqaroga avtomobil olib berishga va’da bergan.

Sud materiallarida u asosan jabrlanuvchilar bilan shaxsiy yoki qarindoshlik munosabatlaridan foydalanib, ulardan naqd pul shaklida avtomashinalar uchun to‘lovlarni qabul qilib, ayrimlariga avtomashina sotib olib berishni va’da qilgan. Aybdor o‘z vakolatidan chetga chiqqan holda 2017- yilning iyulidan 2018-yilning may oyiga qadar 9 milliard 329 million so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Foto: O‘zA

Jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tumani sudining 2018-yil 3-dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Ilhom Telyabayev aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi o‘zganing mulkini qo‘lga kiritganlikda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 4-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topilib, to‘qqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Ish bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchilar tomonidan ularga yetkazilgan 1 milliard 749 million so‘m moddiy zarardan ixtiyoriy voz kechilgan bo‘lib, qolgan jabrlanuvchilarga yetkazilgan 7 milliard 579 million so‘m moddiy zararni sudlanuvchidan undirish belgilandi.

Sud jinoyatlarni sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga xususiy ajrim bilan munosabat bildirdi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting