Xorazm viloyatida besh hokim o‘zgardi

0

Xorazm viloyatining ikkita shahri va uchta tumaniga yangi hokimlar tayinlandi, deya xabar qildi viloyat ma’muriyati matbuot xizmati.

Foto: Gazeta.uz

O‘zgarishlar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29−30-noyabr kunlari viloyatga tashrif buyurganidan so‘ng amalga oshirildi.

Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Abdullayev Urganch shahri hokimiyatiga rahbarlik qiladi. 22-oktabrdan Frunze Sharipov shahar hokimi vazifasini bajarib kelayotgan edi.

2013-yildan buyon GM Uzbekistan Xorazm viloyati filiali boshqaruvchi direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Sobir Jumaniyozov Xiva ma’muriyatiga rahbar bo‘ldi. Avval ushbu lavozimda Erkin Yakubov ishlagan.

Muqaddam Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Alisher Salayev Gurlan tumanining yangi hokimi bo‘ldi. Qahramon Madrahimov tumanning avvalgi hokimi edi.

Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgan O‘ktam Masharipov esa Yangibozor tumani hokimi etib tayinlandi. U Ozod Madrahimov o‘rnini egalladi.

2014-yildan buyon Xorazm viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi bo‘lib ishlagan Ravshan Jabborov Xazorasp tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. U O‘ktamboy Qurbonov o‘rniga ushbu mansabda ish olib boradi.

Bundan tashqari, viloyat Soliq boshqarmasining sobiq boshlig‘i Qudratbek Egamberdiyev viloyat hokimining iqtisodiy va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. DSBga esa Hurmat Abdukarimov yangi boshliq bo‘ldi.

Avval xabar qilganimizdek, Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farhod Ermanov hokim lavozimiga tasdiqlangan edi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting